Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l ko‘li yaqinidagi hudud O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi uchun eng maqbul maydoncha sifatida tanlandi. Bu haqda seshanba kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori o‘rinbosari Ilhom Sodiqov seminar vaqtida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi AES qurilishi uchun pudratchi tanlashda Xitoy va Kanada kompaniyalari takliflarini ko‘rib chiqdi, biroq yakunda Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasida to‘xtaldi.

«AES qurilishi uchun eng maqbul maydonchani tanlash ishlari mart oyida boshlangan edi… Bu ishlar 80-yillarda o‘tkazilgan va O‘zbekistondagi 70 dan ortiq eng maqbul maydonchalar tanlangan. Mart oyi oxirida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 10 ta maqbul maydonchadan eng to‘g‘ri keladiganlarini tanlash kerak edi. Ular orasidan To‘dako‘l ko‘li yaqinidagi maydonchani tanladik», — dedi u.

O‘zbekistonda AES qurilishi zaruriyati to‘g‘risida so‘zlar ekan, Ilhom Sodiqov 2000—2017 yillarda mamlakat YAIMdagi sanoat ulushi 2,4 barobarga — 14,1 foizdan 33,5 foizga, aholi esa 1991 yildan 64,7 foizga oshganini ta’kidlab o‘tdi. O‘z navbatida, aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 74,8 foizga pasaygan.