Tezkor tadbir natijasida Xiva shahar hokimining o‘rinbosari 2 ming dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xiva shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaliklari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O.Sh. fuqaro A.Z.ga «Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini quritish, qayta ishlash sexi va omborxonasi» qurilishi uchun 1 000 metr kvadrat yer uchastkasi ajratilishi yuzasidan murojaat qilgan edi. «Hojatbaror» hokim o‘rinbosari fuqarodan 2 ming dollar miqdorida pora talab qiladi. Bu haqda Xorazm viloyati IIB xabar qildi.

2018 yil 6 oktyabr kuni viloyat IIB JQB Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi va prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xiva shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir o‘z natijasini berdi. Hokim o‘rinbosari O.Sh. Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri Xiva shahar bo‘limi mutaxassisi orqali 2 ming dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Xiva shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan O.Sh.ga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.