«O‘zstandart» agentligi va RINA S.p.A (Italiya) kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda Global G.A.P standartlariga muvofiq yangi uzilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Iste’molchilar va chakana savdo korxonalari uchun Global G.A.P sertifikati mahsulot xavfsizlik va sifat darajasiga muvofiq kelishi, shuningdek ekologik normalarga rioya qilib, xodimlarning professional sog‘lig‘i va xavfsizligini, atrof muhit holati va hayvonlarning omonligi haqida qayg‘urgan holda ishlab chiqarilganligi tasdig‘idir.

«O‘zstandart» agentligi 2017 yilda O‘zbekistonda Global G.A.P standartlarini joriy etishni boshladi. Asosiy maqsad — O‘zbekiston fermerlariga ularning mahsulotlari Yevropa Ittifoqi bozorlariga ildam kirib borishiga ko‘maklashish.

2018 yil 19 sentyabrda «O‘zstandart» agentligi Sinov va sertifikatlash respublika markazi hamda Italiyaning Rina Simtex S.r.l kompaniyasi o‘rtasidagi muzokaralar yakunida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Hujjatga muvofiq, sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlash xalqaro bozorida 150 yillik tarixga ega, dunyoning 65 mamlakatida 150 ta ofisi bo‘lgan Italiya kompaniyasi Global G.A.P standartlariga muvofiq milliy kadrlarni tayyorlashda va sertifikatlashni amaliy tatbiq etishda yordam beradi.