Jizzax sement zavodi direktori Ismatulla Abdullayev atrofga zararli moddalar chiqarilishiga tozalash qurilmalarining barvaqt ishdan chiqqani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Yaqin atrofda istiqomat qiluvchi aholi ma’lumotlariga ko‘ra, hududdagi vaziyat aprelda yomonlashishni boshlagan.

Olmaliq KMK matbuot xizmatining juma kuni xabar berishicha, 8 sentyabr kuni tozalash qurilmalarini ta’mirlash uchun zavod faoliyati to‘xtatilgan. 2017 yil martida zavodning 1800 ta shoxobcha filtrlari to‘liq almashtirilgan edi. Ular vertikal valkali tegirmon va gorizontal aylanuvchi pechlardan chiqqan chang va gazli aralashmalarni tutib qoladi.

«Mazkur uskunalar Jizzax sement zavodini qurish bilan shug‘ullangan Turkiyaning Dal Teknik Makina kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan va ikki yil ishlab berishi kerak edi. Biroq filtrlar bu muddatning yarmidan ko‘prog‘i davomida ishladi, birma-bir ishdan chiqdi va atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘ldi», — dedi Ismatulla Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 16 sentyabr kuni 2000 dona boshqa modifikatsiyadagi filtrlar olib kelindi va ishchilar ularni 18 soat davomida o‘rnatib chiqishdi.

«Almashtirish ishlari turkiyalik mutaxassislar nazorati ostida olib borildi. 18 sentyabr kuni esa o‘n kunlik tanaffusdan keyin zavod ishga tushirildi.

Filtrlar almashtirilganidan so‘ng atmosferaga ishlab chiqarish tashlanmalarining chiqarilishi barqarorlashdi", — dedi zavod direktori.
Yangi filtrlarning yaroqlilik muddati bir yilni tashkil etadi, biroq to‘g‘ri foydalanilsa, ular ikki-uch barobar uzoqroq ishlashi mumkin, dedi u.

«Turkiya kompaniyasi qo‘shimcha 1850 ta shunday filtrlarni yetkazib berdi. Demak, shu kabi ko‘zda tutilmagan vaziyat yuzaga kelsa, ularni bartaraf etish uchun barcha zarur vositalar yetarli», — dedi Ismatulla Abdullayev.

OKMK matbuot xizmati zavod rahbariyatiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.