2018 yil 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi raisining 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari Dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar xodimlari, veterinariya sohasi mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Qayd etilganidek, Dastur doirasida veterinariya sohasining normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash, tizimdagi muassasalarning moddiy-texnik holatini yaxshilash, hayvonlarning sog‘lig‘ini saqlash ishlarini samarali tashkil etish, davlat veterinariya nazoratini kuchaytirish, epizootik osoyishtalikni va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, shuningdek sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, respublika hududiga hayvonlar yuqumli kasalliklari kirib kelishining oldini olish maqsadida qo‘shni respublikalar bilan chegara o‘tish joylarida, temir yo‘l stansiyalari, avtomagistrallar hamda aeroportlarda 23 ta chegara davlat veterinariya nazorati punkti tashkil qilingan.

Mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash borasida iste’molga yaroqsiz deb topilgan 122 tonna go‘sht, 147 tonna sut mahsulotlari va 2 ming donadan ortiq tuxum utilizatsiya qilingan. Kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan profilaktika ishlari doirasida 31 million bosh chorva moli 8 turdagi hamda 67 million parranda 4 turdagi kasallikka qarshi emlangan.

Shu bilan birga, majlisda qilingan ishlar qatorida Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatidagi qator kamchiliklar ham qayd etib o‘tildi.

Xususan, joylardagi veterinariya bo‘limlari va tashxis markazlari (veterinariya laboratoriyalari) binolari ta’mirtalab ahvolda, ayrimlariga esa hanuzgacha bino ajratilmagan. Hududlarda hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazlari hamda dehqon bozorlaridagi veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalarining moddiy-texnik holati achinarli ahvolda, shuningdek iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulotlarni zararsizlantirish uchun bozorlar hududida alohida joylar tashkil qilinmagan.

Bugungi kunda chorvachilikka ixtisoslashgan 5 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi va 2 mingga yaqin parrandachilik xo‘jaligida veterinariya vrachi shtat birligi mavjud emas. Aholi iste’moli uchun yetkazib berilayotgan go‘sht va sut mahsulotlari xavfsizligi to‘liq ta’minlanmagan. Xonadonlarda va boshqa ruxsat etilmagan joylarda hayvonlarni so‘yish, nobud bo‘lgan hayvonlardan olingan go‘shtlarni tashish, qayta ishlash va ayrim hollarda sotish holatlariga to‘liq barham berilmagan. Veterinariya laboratoriyalarida tekshiruvdan o‘tkazilmagan go‘sht va sut mahsulotlarini ruxsat etilmagan joylarda sotish holatlari uchrab turibdi.

Bundan tashqari, muhokamalar jarayonida veterinariya sohasida ilmiy izlanishlar salmog‘i bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligi ham qayd etildi. Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasidagi mavjud 17 ta laboratoriyaning atigi 8 tasi 30 foiz quvvat bilan ishlamoqda, 9 tasi esa umuman ishlamayapti. Institut asosan grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi sababli kadrlar qo‘nimsizligi darajasi yuqori bo‘lib, yosh olimlarni tayyorlash ishlari deyarli to‘xtab qolgan.

Tadbirda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari atroflicha tahlil qilindi.

Majlisda senatorlar tomonidan sohani rivojlantirish maqsadida chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida veterinariya vrachi shtat birligini tashkil etish, shuningdek mazkur xo‘jaliklarga autsorsing shartlarida veterinariya xizmatlari ko‘rsatishning aniq tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish borasida tavsiyalar berildi.

Majlis yakunida Qo‘mitaning O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari Dasturida belgilangan vazifalarni yanada samaraliroq amalga oshirish yuzasidan qarori qabul qilindi.