2018 yil 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi huzuridagi ishchi guruhining «Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda olimlar va mutaxassislar, manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 sentyabr kuni qabul qilingan mazkur qonun amaldagi qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirishga,mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishga va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va «Chiqindilar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga suvlarning davlat hisobini yuritish qoidalarini buzganlik, suv xo‘jaligi inshootlari va qurilmalarini shikastlantirganlik, ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzganlik, shuningdek sanoat, ro‘zg‘or chiqindilari va boshqa chiqindilarni tashish, joylashtirish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mibtashlash chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun choralar kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

«Chiqindilar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida hisobga olish va nazorat qilish, chiqindilarni ko‘mib tashlash va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritish, chiqindilarni transchegaraviy tashish kabi faoliyat turlari hisobiga «chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish» tushunchasi mazmuni kengaymoqda. Shuningdek, sanoat chiqindilarini va maishiy chiqindilarni maxsus texnik moslamalarsiz zararsizlantirish taqiqlanmoqda.

Qonun muhokamasida ishchi guruh a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.