O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 197-maktabgacha ta’lim muassasasida olib borilgan tekshiruvlar jarayonida yirik qoidabuzarliklar aniqlanganini ma’lum qildi.

Bolalar bog‘chasida audit ishlari bo‘yoq olib kelish talab qilingani haqidagi shikoyat kelib tushgandan so‘ng o‘tkazildi. MTV auditorlari mudira ish kabinetida o‘zini metodist deb tanishtirgan ayolga duch keladi. U guvohnomasini taqdim eta olmadi va mudiraning onasi ekani va shu yerda ishlashini tan oladi.

Keyingi tekshiruvlarda aynan shu ayol muqaddam sudlangani va amalda muassasadagi pul oqimlarini boshqargani ma’lum bo‘ldi.

«Tekshiruvlarda o‘g‘irlik va korrupsiyaning bemisl ko‘lami mavjudligini aniqladi. Mudiraning uzoq yillar davomida daxlsizlik va jazosizlik huquqiga ega bo‘lgan onasi MTV auditorlariga jismoniy jazolash tahdidi bilan zarur ma’lumotlarni taqdim etishni taqiqlagan», — deyiladi xabarda.

Audit olib borilgan kuni menyuga ko‘ra ombordan 56,2 kg olinishi kerak bo‘lgan, biroq ular qozongacha yetib bormagan. Tekshiruvchilar solingan mahsulotlar bilan birga, kecha qaynatilgan 8,98 kg go‘sht borligini aniqladi. Keyinchalik mudiraning onasi har kuni tarbiyalanuvchilarga ajratilgan go‘shtning yarmini o‘ziga olgani ma’lum bo‘ldi.

«Bolalar yangi mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilishlari lozim va bir kun avvalgi ovqatlardan foydalanish taqiqlangan», — deya qayd etdi MTV.

Auditorlar komissiyalarga ko‘rsatish uchun saqlanadigan «navbatchi go‘sht» deb ataladigan qaynatilgan go‘sht borligini ham aniqladi. Muassasa sinchkov va vijdonli tekshiruvchilar ob’ektiga aylanganini tushungan xodimlar eski go‘shtlarni chiqindi qutisiga tashlab, ashyoviy dalillarni yo‘qotish uchun «Maxsustrans» mashinasini chaqiradi.

2018 yil yanvaridan boshlab 197-bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilarining ota-onalari 180 mingdan 280 ming so‘mdan pul to‘lagan, amaldagi tarif esa 155 ming so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, har bir bola uchun har oyda 25 ming so‘mdan qo‘shimcha ikkinchi tushlik va bolalar bog‘chasini qo‘llab-quvvatlash fondiga pul olingan.

«Ikkinchi tushlik sifati va hatto ularning berilishi so‘roq ostida qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha (qonunchilikda o‘rnatilmagan) to‘lovlar kassaga tushmagan. Shu bilan birga, uchta tijoriy guruh tashkil etilib, har bir tarbiyalanuvchi uchun 125 ming so‘mdan pul olingan. Tijoriy guruhlardan oyiga 10 mln so‘mdan daromad olingan.

MTV auditorlari tekshiruv o‘tkazgan kuni bolalar bog‘chasiga yo‘llanmasiz qabul qilingan 12 nafar bola aniqlangan. Xodimlar hisobda yo‘q bo‘lgan bolalarni tekshiruv vaqtida omborxonaga yashirib, eshikka qulf urishgan. Ushbu bolalarning ota-onalari oylik to‘lovlarni naqd pulda amalga oshirgan.

Kadrlarga ochlikdan tashqari, auditorlar 197-bolalar bog‘chasi jamoasida qog‘ozda boru amalda yo‘q xodimlar ham «ishlashi"ni aniqladi. Tarbiyachi, hamshira va farrosh bo‘lib rasmiylashtirilgan kishilar muassasada amalga ishlamagan. Bir necha guruhlar esa tarbiyachisiz faoliyat ko‘rsatgan, bolalarga pedagogik ta’lim olmagan tarbiyachi yordamchilari qarab turgan. 2015−2018 yillarda asossiz hisoblangan va to‘langan oylik maoshlar miqdori 61 mln so‘mni tashkil etgan.

Tekshiruvdan so‘ng 197- MTM mudirasi lavozimidan chetlatildi. Biroq yangi tayinlangan rahbarlarga tinimsiz tahdidli qo‘ng‘iroqlar bo‘layotgani sababli ular bolalar bog‘chasida uzoq vaqt ishlay olmayapti. Ayni paytda uch kishi mudira v. b. lavozimidan voz kechdi.

Audit materiallari tuman va O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga taqdim etildi.

MTV ota-onalarga e’tiborsiz va loqayd bo‘lmaslik iltimosi bilan murojaat qildi. Chunki aynan ularning farzandlari himoyasiz va nasibasiz qolmoqda.

«Maktabgacha ta’lim vazirligi ochiqlik hamda o‘g‘irlik va korrupsiyaga qarshi qattiqqo‘llik bilan kurashish siyosatida mustahkam qoladi. MTV bolalar huquq va manfaatlarining buzilishi holatiga jim qarab turmaydi, balki ular himoyasi yo‘lida o‘z vazifalarini qat’iy ado etadi», — deyiladi xabarda.

Agarda siz maktabgacha ta’lim sohasida qonunbuzarliklarga guvoh bo‘lsangiz, +99871 215−52−79 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling yoki vazirlik sayti orqali shikoyat yozing

MTV ichki audit xizmati har kuni tekshiruvlarga chiqmoqda.