Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19 sentyabrdagi «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirib, to‘lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayotgani, bir monopol tizimning mutlaq ustun bo‘lishiga olib kelayotgani qayd etildi.

Mazkur qaror tizimdagi monopol nazoratning tartibga solinishiga xizmat qiladi, deyiladi O‘zA bergan xabarda.

To‘lov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklamoqda va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

2019 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Milliy banklararo protsessing markazi, banklararo to‘lov tizimi va kliring markazining faoliyat yuritishi uchun ma’lumotlarni qayta ishlovchi to‘laqonli markaz tashkil etiladi.

2020 yil 1 yanvargacha mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar o‘rtasida axborot va texnologik aloqa o‘rnatishga ko‘maklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazi ishga tushiriladi.

2020 yil 1 iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro to‘lov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashi, bank to‘lov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p funksiyali terminallar tarmog‘i kengaytiriladi.