Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qonunda ko‘zda tutilgan huquq va vakolatlardan foydalangan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 2017 yilda qariyb 1 500 ta korrupsiya bilan bog‘liq va iqtisodiy sohalardagi jinoyatlar sodir etilgani aniqlandi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlarini ta’minlashda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘ndan ortiq seminar-treninglar, mahorat darslari o‘tkazildi.

Buni aniq misollar bilan ko‘radigan bo‘lsak, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida 11 sentyabr kuni tuman IIB xodimi o‘z rahbariga axborot berib, unda shu kuni Kaltarabot mahallasida yashovchi, tuman yo‘l qurilish bo‘limi ishchisi Sh. X. jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilganligi uchun unga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomani va holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarni yo‘q qilishni so‘raganligini, evaziga 50 000 so‘mni pora sifatida taklif qilayotganligini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan 11 sentyabr kuni viloyat IIB va tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Sh. X., xodimga xizmat xonasida 50 000 so‘m berayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 11 sentyabr kuni tuman IIB xodimiga «Kishmishtepa» MFYda yashovchi J.T. o‘ziga nisbatan bo‘lgan ma’muriy materialni ijobiy hal qilib berish evaziga 450 000 so‘m pulni pora sifatida taklif qilib, 12 sentyabr kuni uni berayotgan vaqtida viloyat IIB va tuman prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Fuqarolar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlik shulardangina iborat emas, o‘tgan ikki oy davomida qariyb yigirmaga yaqin pora bermoqchi bo‘lgan fuqarolar tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olindi.

Jumladan, 2018 yilning 17 avgust kuni Xorazm viloyatining Xazorasp tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limining boshlig‘i Q.H. ismli fuqaro Xazorasp tuman IIB xodimidan o‘ziga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha yengillik yaratib berishligini so‘rab, evaziga 400 AQSH dollarini pora sifatida taklif etib, uni berayotgan vaqtida viloyat IIB va prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Joriy yilning 31 avgust kuni esa Qashqadaryo viloyati Muborak tuman IIB xodimiga fuqarolar U.B. va Z.S.lar murojaat qilib, shu yilning 22 avgustidan buyon jarima maydonida turgan mototsikllarini chiqarish va jarima miqdorlarini kamaytirib berishni so‘rab, evaziga har bir mototsikl uchun 200 ming so‘mdan, jami 400 ming so‘m pulni pora sifatida berayotganida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, shu yilning 3 sentyabr kuni Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida yashovchi B.Sh. ismli fuqaro Zarafshon shahar IIB xodimining ish yurituvida bo‘lgan, tanishi «Anvar» ismli fuqaro ishini qonuniy chora ko‘rmasdan hal etib berishini so‘rab, evaziga unga 500 ming so‘m pulni pora sifatida taklif qilib, 300 ming so‘m pulni pora sifatida berayotganida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Yana bir holatda esa Buxoro shaxrida J.D. ismli fuqaro tanishining ishini tergov bo‘limiga o‘tkazmaslik uchun xodimga 200 AQSH dollarini pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Yuz bergan holatlarning barchasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘zlariga bildirilgan ishonchni suiste’mol qilmay, o‘z vaqtida rahbarlariga axborot berib, pora taklif qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raganlar. Berilgan axborotga asosan tashkil etilgan tezkor tadbirlarda qo‘lga olingan barcha qonunbuzar fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.