Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov 8 sentyabr kuni Cengiz-Kolin-Kalyon (CKK) Turkiya kompaniyalari konsorsiumi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida avtomobil yo‘li qurilishi loyihasini muhokama qildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Turk konsorsiumi bilan O‘zbekistondagi birinchi pulli avtotrassa qurilishi bo‘yicha investitsion loyiha Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘onning bahorda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan edi. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi loyihada milliy sherik sifatida ishtirok etadi.

Magistral loyihasi bo‘yicha qurilish ishlarining 2019−2020 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Turk pudratchisi vakilining ma’lum qilishicha, loyiha Toshkentdan Samarqandgacha masofani ikki soatda bosib o‘tishga imkon tug‘diradi.

Loyihani ishlab chiqishda magistralning aholi manzillaridan uzoqroqdan o‘tishi, yaylov va ekin maydonlari hamda atrof-muhit holatiga salbiy ta’sirini imkon qadar qisqartirish masalalari hisobga olinadi.

Cengiz-Kolin-Kalyon (CKK) konsorsiumi Yangi (Uchinchi) Istanbul aeroporti, Anqaradagi tezyurar poyezdlar temir yo‘ vokzali, metropoliten liniyasi qurilishi kabi yirik loyihalardagi ishtiroki bilan mashhur.