O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni avtomobil transporti sohasida boshqaruvni takomillashtirish, xalqaro xamkorlikni rivojlantirish, transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi O‘zA.

Yig‘ilishda soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Tizimdagi islohotlarni izchil davom ettirish, zamonaviy transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Qishloqdan shahargacha, tumanlararo hamda shaharlararo yo‘nalishlarda transport xizmati ko‘rsatish tizimi va infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan topshiriq berildi.

Davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan endilikda transport xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operator-dispetcherlarga beriladi.

Litsenziyaga ega va tender g‘olibi bo‘lgan xususiy operator-dispetcher tegishli hudud yoki yo‘nalishda shartnoma asosida barcha transport xizmati ko‘rsatuvchilarni birlashtirib, ular uchun yagona platforma tashkil etadi. Xususiy operator-dispetcherlarga davlatga qarashli 10115 avtobekat, 17 avtovokzal va avtostansiya topshiriladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralarga shu yil 1 dekabrgacha mazkur tizimni joriy etish vazifasi yuklandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda har 10 ming fuqaroga 2 avtobus to‘g‘ri keladi. Lekin hududlarda mazkur yo‘nalishlarning 30 foizdan ortig‘i ishlamayapti. Xalqaro yo‘lovchi tashishning bor-yo‘g‘i 6 foizi (12 avtobus, mavjud talab — 200 avtobus) qonuniy faoliyat yuritayotgan yo‘lovchi tashuvchilar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shu bois viloyatlarda 13 avtokorxona tashkil etish va ular uchun bu yil 400, keyingi yil oxirigacha 780 «Isuzu» avtobusi sotib olish kerak.

Yig‘ilishda yuk tashish tizimiga xususiy sektorni jalb qilish, xizmat taklif etuvchi va mijozlarga ekspeditorlik xizmati ko‘rsatishni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bu tizim norasmiy ish yuritayotganlar faoliyatini legallashtirish, xizmat ko‘rsatuvchilarga va mijozlarga qulaylik yaratish imkonini beradi.

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi yuk tashuvchilarga litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish, xususiy ekspeditorlik tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak.

Tranzit yuk tashish bozorida raqobatbardoshlikni oshirish masalalari muhokama qilinar ekan, mamlakat hududi orqali o‘tayotgan eksport-import va tranzit yuklarning atigi 11 foizi milliy tashuvchilar hissasiga to‘g‘ri kelishi, magistral yo‘l infratuzilmasi rivojlanmayotgani, yo‘llarda yoqilg‘i quyish shoxobchalari va mehmonxonalar yetarli emasligi tanqid qilindi.

Mamlakat orqali yuk tashishni ko‘paytirish uchun xorijiy davlatlar va yirik kompaniyalar bilan qo‘shimcha bitimlar imzolash, Trans-Afg‘on, Trans-Kavkaz, Trans-Xitoy kabi avtomobil yo‘llaridan foydalanishni jadallashtirish, yuk tashuvchilar bilan hamkorlikda korxonalar tashkil etish, sohaga oid xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqish vazifalari qo‘yildi.

Yo‘lovchi tashish xizmatlari ko‘rsatish uchun tarif belgilash tartib-taomillari ham talabga javob bermasligi qayd etildi. Shahar avtobus yo‘nalishlarida tariflar viloyatlar o‘rtasida 1,7 barobar farq qiladi, yo‘nalishli taksi bo‘yicha esa bu tafovut 6 barobardan ortadi.

Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, «O‘zavtotrans» agentligi va Davlat raqobat qo‘mitasi yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun tariflarni davlat tomonidan belgilash tartibini takomillashtirishi zarur.

Transport xizmati ko‘rsatish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish lozim. Yo‘l haqi uchun pul to‘lash hamon eskicha tizimda qolmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida yo‘l kira uchun elektron to‘lov tizimini joriy etish 3 yildan buyon paysalga solib kelinayotgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda poytaxtda yo‘lovchi tashish tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Toshkent ko‘chalaridagi bekatlarda avtobuslarning kelib-ketish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar, bepul internet, avtobuslarda mobil ilovalar va videokuzatuv moslamalari yo‘q. Vaziyatni o‘nglash uchun Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish transporti tizimini tubdan yangilash konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda «O‘zavtotrans» agentligi tomonidan transport sohasini rivojlantirishni kompleks ko‘rib chiqish borasida davlat siyosatini yuritish tizimi hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi. Shuning uchun avtomobil, temir yo‘llar va havo yo‘llari, metro va daryo transporti ishini o‘zaro muvofiqlashtiruvchi, bu borada yagona siyosat yurituvchi davlat organini tashkil etish zarur.