O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Rossiyaning USM Holding aksiyadorlik jamiyati ta’sischisi va rahbari Alisher Usmonovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

«O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizda yirik investitsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan katta hissasi, xalqimizning milliy qadriyati va boy tarixiy yodgorliklarini qayta tiklash va asrab-avaylash maqsadida O‘zbekistonda diniy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni barpo etish borasidagi faol ishtiroki, Vataniga yoshlar uchun o‘rnak bo‘ladigan darajadagi samimiy muhabbati hamda respublikamizda turizm salohiyatini va sport sohasini rivojlantirishdagi hamkorligi uchun taniqli hamyurtimiz, Rossiyaning „USM Holding“ aksiyadorlik jamiyati ta’sischisi va rahbari Usmanov Alisher Burxanovich „El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlansin», — deyiladi hujjatda.