O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi dushanba kuni kechqurun Toshkentda sodir bo‘lgan kimyoviy avariya tafsilotlarini ma’lum qildi.

21:45 da poytaxt FVBga Olmazor tumani Chuqursoy ko‘chasida joylashgan «Universal logistik servis» temir yo‘l stansiyasida konteynerlardan biridan tutun chiqayotgani haqida ma’lumot kelib tushdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, konteynerda gidrosulfat natriy solingan metall bochkalar bo‘lgan. Ularning ayrimlarida germetik qoplamalarning ko‘chishi oqibatida ichidagi moddalar sizib chiqib, dimlanish sodir bo‘lgan.

Gidrosulfat natriyli konteyner stansiyaga 20 avgust kuni kelib tushib, bu yerda belgilangan manzilga jo‘natilgunga qadar saqlangan.

Hodisa joyiga zudlik bilan qutqaruvchilar va yong‘in xavfsizligi xizmati navbatchilik qismi yetib borib, birgalikda kimyoviy avariya bartaraf etildi.

Konteynerdan jami bo‘lib 384 ta kimyoviy modda solingan bochka olib chiqilgan bo‘lib, ularning 109 tasi shikastlangan. Bochkalar zararsizlantirilib, xavfsiz joyga ko‘chirildi.

Avariya ishlari seshanba kuni tonggi 4:30 da yakuniga yetdi.