2018 yil, 14 avgust kuni xalq deputatlari Uychi tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishini xalq deputatlari tuman Kengashi raisining jamoatchilik asosidagi o‘rinbosari, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan saylangan deputat Fazliddin Muhiddinov ochdi va olib bordi. Bu haqda Namnews.uz axborot-tahliliy portali xabar berdi.

Tuman va viloyat kengashlari deputatlari, tuman faollari va korxona, muassasalar rahbarlari, viloyat tashkilotlari boshliqlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishida Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, Uychi tumanida o‘tgan vaqt mobaynida olib borilgan ishlar, hokimlik faoliyatiga tanqidiy baho berdi. Bugungi kunda tuman faollari oldida turgan dolzarb vazifalarga alohida e’tibor qaratib, ishga bo‘lgan talab va mas’uliyatni oshirish zarurligini ta’kidladi.

Sessiyada Namangan viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Muhammadayubxo‘ja Po‘latovich Apaqov Uychi tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqdagi viloyat hokimining qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Muhammadayubxo‘ja Po‘latovich Apaqov 1968 yil 21 mayda Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. 1994 yili Toshkent moliya instituti, 2004 yili Namangan davlat universiteti, 2008 yili O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi — iqtisodchi, huquqshunos. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a’zosi.

Qayd etish joiz, avgust oyining avvalida Uychi tumanida 4 ta sektor rahbarlari — tuman hokimi Abdug‘ani Turdiyev, tuman prokurori Baxtiyor Abdurahimov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ravshan Yusubjonov va tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Rasuljon Otaxonovlar g‘o‘za parvarishida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi, mavsum davomida xotirjamlikka berilib, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatda to‘g‘ri tashkil etmaganligi, o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganligi sababli egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.