11avgust kuni Toshkentning Uchtepa tumanida bir guruh shaxslar VAZ-2105 mashinasida kelib, Spark haydovchisini kuch bilan mashinadan chiqarib, Sergeli tumaniga olib ketgan va kaltaklashgan. Ichki ishlar bosh boshqarmasi tekshiruv o‘tkazib, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277- moddasi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish ochdi.

Voqeaning to‘liq tafsilotlarini o‘rganish jarayonida barcha daliliy ashyolar to‘planib, ushbu jinoiy ish ishtirokchilarining ko‘rsatmalari olindi va ularning har biriga albatta tegishli baho beriladi, deyiladiIIBB xabarida.

Hozirga qadar voqeaning uch nafar jabrlanuvchisi va yana uch nafar gumonlanuvchisi ko‘rsatma bergan. Yana ikki gumondor, jumladan hodisa tashkilotchisi deb aytilayotgan 27 yoshli J.Shoxruhni qo‘lga olish harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, jabrlanuvchi — 23 yoshli A.Botirjon tanishi Shoxruhdan pul qarz olib, oxirgi 500 ming so‘mni qaytarolmagan. Gumonlanuvchi J.Shoxruh 24 yoshli G. Ziyovuddin, 31 yoshli M.Muzaffar, N.Bekzod va 33 yoshli I.Abdug‘ani bilan «VAZ-2105» (Muzaffar boshqaruvida) va Abdug‘ani boshqargan Nexia 3 avtomobilida «Vatan» kinoteatri yonida Spark mashinasini boshqarib ketayotgan 34 yoshli M.Jasurning yo‘lini to‘sib, uni to‘xtatishgan.

Qo‘lga olinganlarning ko‘rsatma berishicha, Ziyovuddin Spark mashinasining shinasiga ziyon yetkazgan, Muzaffar esa oynasini sindirgan.

Shundan so‘ng, huquqbuzarlar jabrlanuvchilarni kuch bilan o‘zlarining mashinalariga o‘tqizib, Sergeli tumaniga olib ketishgan va o‘sha yerda ularga tan jarohati yetkazishgan. Jarohat darajasiga shifokorlar aniqlik kiritishmoqda.
Shundan keyin G. Ziyovuddin va N.Bekzod jabrlanuvchilarni shifoxonaga olib borib, haqiqatni aytib qo‘ymasligi uchun kuzatib turishgan.

«Qo‘rquv ostida qolgan jabrlanuvchilar shifokorlarga bo‘lib o‘tgan voqea haqida aytishmagan va ichki ishlarga ham xabar berishmagan. Lekin holat tasvirlangan videolavha Internet tarmog‘ida tarqatilgandan so‘ng, sir oshkor bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Toshkent shahar IIBB mazkur tasvir asosida tezkor tergov harakatlarini olib borib, shu kuni kechki payt gumondorlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan va qisqa fursatda ulardan 3 nafari qo‘lga olingan.