O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 avgust kuni «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘zining Feysbukdagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Qarorda maktabgacha ta’limning zamonaviy tizimi, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim joriy qilinganligi, zamonaviy oliy ta’lim muassasalari hamda nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilganligi, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish maqsadida «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi qabul qilinganligiga qaramasdan, bu borada ayrim muammolar saqlanib qolayotganligini qayd etilgan.

Yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Yoshlarni a’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dasturda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:

yuksak ma’naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan fidoiy va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;

yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash;

pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma’naviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish;

yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;

o‘quvchi yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga asosan ushbu qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘quvchilari uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirildi.

2019 yil 1 yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

Natijada, ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to‘lanadigan to‘lovlarni hisobga olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo‘yicha o‘rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o‘rinbosarlariniki o‘rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilariki o‘rtacha 26 foizga oshirildi.

Davlat rahbari tomonidan o‘quvchilarning aqlan va ruhan sog‘lom qilib tarbiyalashga yana bir marotaba alohida e’tibor qaratildi.

Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birliklari maktabdagi o‘quvchilar soni 250 nafargacha bo‘lganda 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq bo‘lsa 3 shtat birligi etib belgilandi.

Shuningdek, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan mutaxassis o‘qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirildi hamda 2019 yil 1 yanvardan 1,1 baravarga oshirildi. Natijada maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 96 foizga oshdi.

Qarorda hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish, ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan pedagog kadrlarni davlat va xo‘jalik boshqaruv organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog‘lomlashtirish tizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorda har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 25 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berish, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a’zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun kreditlar berish belgilandi.

Qarorda 2018−2020 yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro‘sini targ‘ib qiluvchi «O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari"ni tashkil etilishi belgilandi.

Qarorning yana bir o‘ziga xos jihati 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga a’lo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun oltin va kumush medallarni berish tartibi joriy qilindi.

Tegishli vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, maktabdan tashqari ta’lim sohasiga davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, jahondagi oliy ta’lim muassasalarining reytingida 1000 talik ro‘yxatga kiradigan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini yoki fakultetlarini O‘zbekiston Respublikasida litsenziya olmasdan va boshqa imtiyozli shartlarda tashkil etish masalasini o‘rganib chiqib, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Qarorda yana bir marotaba xalq ta’limi tizimi xodimlarini ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga, turli xil yig‘ilishlarga jalb qilish, ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga har qanday shaklda to‘sqinlik qilish amaldagi qonun hujjatlarida ta’qiqlanganligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.

Mazkur qaror ta’lim-tarbiya sifatini tubdan oshirish, mamlakatimizda yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.