«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligi nishonlanadigan kunlar (31 avgust-4 sentyabr) respublika ichidagi barcha aviaqatnovlar chiptalariga chegirmalar e’lon qildi. Bu haqda MAK matbuot xizmati xabar berdi.

Yakka yo‘lovchilarga 30 foizlik, turistik guruhlar (besh va undan ortiq kishi), 6−15 yoshli bolalar, kollej, litseylar o‘quvchilari va OTMlar talabalari, IIV, MV, DSQ, DBQ va boshqa mahkamalar tizimidagi maxsus o‘quv muassasalari tinglovchilariga 40 foizlik chegirmalar taqdim etiladi.

Ikki va undan ortiq kishidan iborat oilalar — er va xotin, er, xotin va ularning 18 yoshgacha bo‘lgan bolalari; 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota yoki ona 50 foizlik chegirmadan foydalanishi mumkin. Pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, 1941−1945 yillardagi urushda qatnashganlar va ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek Chernobil AES fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarga ham 50 foizlik chegirmalar taqdim etiladi.