O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi aeroportlarda faoliyat olib boruvchi xodimlari liboslarini yangiladi. bu haqda 8 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida DBQ raisi Murodjon Azimov ma’lum qildi.

Bojxona organlari xodimlari yangi liboslarni jurnalistlarga o‘zlari kiygan holda namoyish qildi. Endilikda ularda pogon yo‘q, harbiy unvon, raqam belgisi va tashkilot timsoli rasmiy ko‘ylakning yengi va yoqasiga tikib qo‘yilgan.

«Biz mamlakat rahbari topshirig‘i bilan xorij tajribasini o‘rgandik. Aksariyat rivojlangan davlatlarda xodimlar rasmiy kiyimi shunday ko‘rinishda. Mamlakatimizga sayyoh yoki chet ellik mehmon tashrif buyurganida, unga mana shunday sarishta forma yoqimli ko‘rinadi, pogonlilari emas», — deya izoh berdi DBQ rahbari.

Murodjon Azimovning so‘zlariga ko‘ra, forma Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda ishlab chiqildi. Ushbu liboslarni nafaqat aeroportlardagi, balki chegaralardagi bojxonalar ham kiyishni boshladi.