O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tegishli qaror bilan oilaviy mehmonxona uylarini tashkil etish va faoliyatini yuritishni tartibga soldi.

Hujjatga ko‘ra, oilaviy mehmonxona uyi — mazkur mehmonxona uyida uy egasi va uning oila a’zolari bilan birga birgalikda yashashi tamoyili asosida 10 nafargacha turistning vaqtincha yashashi va (yoki) ovqatlanishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xususiy uyga egalik. Uyda har bir yashovchi uchun 3 kv m yashash maydoniga ega bo‘lishi lozim.

Oilaviy mehmonxona uyi xizmatlari yakka tartibdagi tadbirkor yoki oilaviy tadbirkor tomonidan ko‘rsatiladi. Oilaviy mehmonxona uylarini ro‘yxatga olish va ular ro‘yxatini yuritish O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Oilaviy mehmonxona uylari xizmatlarini ko‘rsatishni sertifikatlashtirish tizimini soddalashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra oilaviy mehmonxona uyini o‘rganish asosida tuzilgan bayonnoma asosida Oilaviy mehmonxona uylarining yagona reyestriga kiritiladi.

Tijoriy banklarga reyestrga kiritilgan oilaviy mehmonxona uylari egalariga imtiyozli kredit ajratish tavsiya qilindi. Kredit hajmi — besh yil muddatga, jumladan ikki yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshmaydigan miqdorda eng kam oylik ish haqining 300 barobarigachani tashkil etadi.