Tug‘ma yurak nuqsoniga ega uch nafar o‘zbekistonlik bola «Umidlar zanjiri» fransuz Shifokorlar assotsiatsiyasi gumanitar missiyasi doirasida Nant shahri (Fransiya) klinikasida operatsiya qilindi, deya xabar qildi «Dunyo» AA.

20 avgustga qadar ular qayta tiklash doirasida kardiojarroh Olive Baron boshchiligidagi fransuz shifokorlari nazorati ostida bo‘ladi. Oktyabrda yana bir bolani operatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

«Umidlar zanjiri» (La Chaine de l’Espoir) shifokorlar assotsiatsiyasiga 1994 yilda asos solingan bo‘lib, 250 nafardan oshiq shifokor-ko‘ngillini birlashtiradi. Ular butun dunyodagi mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlik qilib, yiliga 100 minglab bolalarga yordam ko‘rsatadi. «Umidlar zanjiri» bolalar jarrohligi sohasida 30 mamlakatda 200 ta gumanitar missiya doirasida yiliga 5000 bolani operatsiya qilmoqda.

2015 yildan buyon assotsiatsiya bilan hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik 86 bola operatsiya qilindi.