QHTBT portalida Prezidentning «Xalq ta’limi tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi muhokama qilinmoqda. Hujjatda yuqori toifali mutaxassislar uchun xalq ta’limi muassasalari jozibadorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish nazarda tutilgan. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.


Ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tashkil etiladi

Vasiylik kengashlarini tugatish va yuridik shaxsni tashkil etmaydigan xalq ta’limi muassasalarining kzatuv kengashlarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqilgan. Yangi tuzilmalar ota-onalar qo‘mitalari vakillari, pedagog xodimlar, bitiruvchilar va homiylar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan tashkil topadi.

Quyidagilarni kuzatuv kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilash taklif etilmoqda:

ta’lim muassasalari direktorlarini Xalq ta’limi vazirligi tavsiya etgan nomzodlar orasidan tanlab olish, shuningdek ularni egallab turgan lavozimidan ozod qilish bo‘yicha takliflar kiritish;

ta’lim muassasasini rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha takliflar kiritish;

ta’lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, uning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati, byudjet, byudjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘larni sarflashdan daromadlar va xarajatlar to‘g‘risida direktorlarning hisobotlarini vaqti-vaqti bilan eshitish;

yillik moliyaviy rejalar va xarajatlar smetalarini kelishish;

ta’lim muassasasi direktorining taqdimnomasiga asosan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar tariflari, ta’lim muassasasi xonalari va boshqa mol-mulkining ijara haqi miqdorlarini tasdiqlash;

ta’lim sifati, o‘qituvchilarning bilimi va pedagoglik mahorati, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli monitoring o‘rnatish;

o‘quvchilar va ularning ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning pedagog va rahbar kadrlar haqidagi fikrlarini sinchiklab o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish.


Xalq ta’limi muassasalari faqat XTVga bo‘ysunadi

Xalq ta’limi muassasalarining barchasi faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini belgilaydigan tartibni joriy etish taklif etilmoqda. Xalq ta’limi vaziriga mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan kelishuvsiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTV, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi rahbarlarini, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlarini, shuningdek Vazirlikka bo‘ysunadigan boshqa tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish huquqini berish rejalashtirilmoqda.

Xalq ta’limi tizimi muassasalarida tekshiruvlar o‘tkazish reglamenti va jadvallarini ishlab chiqish ko‘zlangan. Barcha tekshiruv organlari tegishli hududlardagi xalq ta’limi muassasalari, shuningdek ularning xodimlari va pedagoglar faoliyati ruxsatsiz tekshirilishini tashkil etganligi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa nazorat organlari rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladilar.

Ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilarga nisbatan ilk bor sodir etgan qonunbuzarliklari uchun moliyaviy jarimalar qo‘llashga uch yillik taqiqni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqildi. O‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari darajasini ularning malakasini belgilovchi asosiy mezon etib belgilash taklif etilmoqda.


«Zamonaviy maktab» loyihasi amalga oshiriladi

2019 yil 1 yanvargacha kompyuterlashtirilgan va texnologik sinflar, laboratoriyalar, barcha sanitariya talablariga javob beradigan oshxonalar, sport-sog‘lomlashtirish kompleksi, videokuzatuv tizimi va o‘quvchilarning individual ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun boshqa shart-sharoitlarni nazarda tutuvchi «Zamonaviy maktab» loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. U xorijiy ekspertlar va loyiha tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladi. 2019−2020 yillarda loyiha doirasida kamida bitta maktab qurish rejalashtirilmoqda.


Maktablar yuqori toifali mutaxassislar uchun yanada jozibali bo‘ladi

Xalq ta’limi vazirligi huzurida Xalq ta’limidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etiladi. 2018 yilda xalq ta’limi tizimini isloh qilishga doir ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun unga 100 mlrd so‘m miqdorida byudjet mablag‘larini ajratish rejalashtirilmoqda. Bundan buyon jamg‘arma mablag‘lari jadvalda ko‘rsatilgan tarzda shakllantirilishi va sarflanishini belgilovchi tartibni joriy etish taklif qilinmoqda:



Manbalar:

Xarajatlar moddalari:

  • har yili ajratiladigan byudjet assignatsiyalari, shu jumladan — 2018 yil oxirigacha 100 mlrd so‘m, keyingi yillarda esa xalq ta’limi xodimlarining ish haqini oshirish miqdorida uning indeksatsiyalanishini va yillik xarajatlarga qayta hisoblanishini hisobga olgan holda;
  • Xalq ta’limi vazirligi ichki audit xizmatlarining tekshiruvlari natijalariga ko‘ra rastrata, o‘g‘irlik, kamomad, noqonuniy xarajatlardan undirib olingan summaning 50%i;
  • Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • Xalq ta’limi vazirligi muassisi bo‘lgan korxona va tashkilotlar dividendlarining 100%i;
  • Xalq ta’limi vazirligi tizimi muassasalari balansidagi aktivlarni sotishdan kelib tushgan mablag‘lar;
  • Pedagog xodimlar malakasini oshirish mintaqaviy markazlari o‘tkazadigan xalq ta’limi sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash kurslarida o‘qitishdan kelib tushadigan mablag‘larning 10%i;
  • oliy ma’lumotli shaxslar uchun pedagoglik mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qitishdan kelib tushadigan mablag‘larning 10%i;
  • jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan norezidentlarning xayriya mablag‘lari;
  • grant mablag‘lari, homiylik mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdan tushgan daromadlar;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.


  • Xalq ta’limi vazirligi, unga qarashli tashkilotlar va muassasalar, shuningdek hududiy bo‘linmalar xodimlariga ish haqi, ustamalar, mukofotlar va boshqa rag‘batlantirish tusidagi to‘lovlarni to‘lash;
  • Xalq ta’limi vazirligiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuqori toifali mutaxassislarni ishga jalb etish;
  • vazirlik xodimlarining, shu jumladan xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalarida o‘qish, malaka oshirish va stajirovka o‘tash xarajatlarini to‘lash;
  • vazirlik xodimlarining mamlakat ichidagi va uning tashqarisidagi xizmat safari xarajatlarini to‘lash;
  • vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan boshqa chora-tadbirlar;
  • Xalq ta’limi vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va unga qarashli muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur Jamg‘arma mablag‘lari doirasida belgilanadigan boshqa yo‘nalishlar.





2019 yil 1 yanvardan pensionerlar — xalq ta’limi muassasalari xodimlariga to‘liq miqdorda pensiya to‘lash taklif etilmoqda.

Shu paytdan e’tiboran umumta’lim muassasalari rahbarlarini pullik xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan qo‘shimcha daromadlarning 10 foizigacha miqdorida moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.