2018 yilning 27 iyul kuni Toshkent xalqaro Vestminster universitetida «Innovatsion rivojlanish vazirligi va „Buyuk Kelajak“ ekspertlarining o‘zaro hamkorlik platformasini shakllantirish» mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiyada Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati, boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda AQSH, Yevropa, Yaponiya va Rossiyada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik olimlar va turli soha ekspertlari ishtirok etishdi. «Buyuk Kelajak» ekspertlarining ayrimlari tadbirda shaxsan ishtirok etgan bo‘lsalar, boshqalari video-konferensiya orqali qatnashdilar.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik ekspertlarga respublikamizda innovatsion rivojlanishi borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. So‘ngra vazirlik vakillari va «Buyuk Kelajak» ekspertlari O‘zbekiston Respublikasining 2021 yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasini, qabul qilingan va loyihasi tayyorlanayotgan qonunchilik hujjatlarini muhokama qildilar. Konferensiyada, shuningdek, vazirlik faoliyat yo‘nalishlarida «Buyuk Kelajak» ekspertlari bilan yaqindan hamkorlik qilish maqsadida vazirlik boshqarmalari va «Buyuk Kelajak» ekspertlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi.

«Buyuk Kelajak» ekspertlari shuningdek yurtimizdagi hukumat virtual qabulxonalari, portallarini faqat murojaat va shikoyatlarni qabul qiluvchi platforma emas, balki tushayotgan savollar javobni ham aks ettiruvchi axborot tizimiga aylantirish vaqti kelganini aytishdi. Shunda ma’lum muammo bilan murojaat qilishni istagan fuqaro xuddi shu masala bo‘yicha oldinroq murojaat qilgan fuqaroga berilgan javob bilan tanishib, o‘zini qiynayotgan masalaga oydinlik kiritib olishi, portal fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiluvchi manbaga aylanishi mumkinligi ta’kidlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari o‘z navbatida ilmiy-tekshirish muassasalari xodimlarini marketing asoslariga o‘rgatish zarurligi haqida gapirishdi. Ilm-fan natijalarini bozorga olib chiqish, uni xaridorini topish anchayin mushkul ekani, ayrim hollarda esa ularni umuman sotish imkoniyati yo‘qligi bois, endi ilmiy ishlanmalarni muayyan buyurtmachilarning takliflariga binoan yaratish tizimini ishga tushirish lozimligi qayd etildi. Bunda olimlar, tadqiqotchilardan marketolog bo‘lish ham talab etiladi. Aynan olimlarni shu sohada bilimga ega bo‘lishlari uchun xorijlik ekspertlarni jalb qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.