Jumadan shanbaga o‘tar kechasi Oyning to‘liq tutilishi kuzatiladi. Bu safar hodisani O‘zbekistonning barcha hududida kuzatish mumkin, dedi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari nomzodi Yusuf Tillayev.

Uning so‘zlariga qaraganda, butun O‘zbekiston hududida bir vaqtda — soat 23:24 da boshlanadi, bunda Yer soyasi Oy diskini sekin-asta to‘sa boshlaydi. Bir soatdan keyin, ya’ni 28 iyul soat 00:29 da Oy sirti soya bilan batamom qoplanadi, tutilishning to‘la fazasi boshlanadi.

Oy tutilishi xaritasi. Manba: Vikipediya

Quyosh tutilganida Quyosh qisman yoki to‘liq ko‘rinmay qoladi. Oy tutilishida esa Oy butun tutilish davomida ko‘rinib turadi. Faqat Oy soya ichida harakatlana boshlaganda u qizg‘ish — jigarrang tusda ko‘rinadi, deydi olim.

Tutilish to‘liq fazasining boshlanishi. Manba: Astronomiya instituti.

To‘la tutilish fazasining davomiyligi 1 soat 43 minutni tashkil qiladi, ya’ni Oy 103 minut davomida soyada bo‘ladi. U soat 2:14 da soyadan chiqa boshlaydi, soat 3:20 da esa butunlay soyadan xoli bo‘ladi. Tutilishning umumiy davomiyligi esa salkam 4 soatni tashkil etadi.

«Tutilishni oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Agar bordiyu sizda durbin yoki ko‘rish trubasi bo‘lsa, Oy yuzini yaxshiroq ko‘rishingiz va ushbu astronomik hodisadan ko‘proq zavq olishingiz mumkin», — deydi olim.

Oxirgi marta Oyning to‘la tutilishi O‘zbekistonda shu yilning 31 yanvar kuni kuzatilgan edi. Bu safar Oy Yer soyasining markazidan o‘tishi bilan ajralib turadi va shuning uchun tutilish davomiyligi nisbatan uzoq — 103 minutni tashkil etadi. Oxirgi marta bunga o‘xshash tutilish 2011 yilning 15 iyunida sodir bo‘lgan edi. Unda tutilish davomiyligi 1 soat 40 minutni tashkil qilgan edi, ya’ni bu safargidan 3 minutga kam.

Tutilish jarayoni animatsiyasi. Manba: Vikipediya.

Xuddi shu kuni sanasida yana bir ajoyib astronomik hodisa — Marsning buyuk ro‘para turishi ro‘y beradi. Oyning yonginasida, 6 gradus janubroqda yorug‘ qizg‘ish «yulduz"ni ko‘rish mumkin, bu Mars sayyorasidir. U kun sayin Yerga yaqinlashib kelmoqda, 27 iyulda Mars eng qisqa masofa — 57,7 mln kilometrgacha yaqinlashadi.

«Ro‘para turish» deb Mars «Yer-Quyosh» chizig‘ining davomida Yer orbitasiga eng yaqin turgan xolatiga aytiladi. Yer va Marsning yaqinlashishi xar 2 yilda sodir bo‘ladi va bu holatda Mars butun tun davomida ko‘rinib turadi. Agar ro‘para turish yozning oxirida ro‘y bersa, bunda Mars o‘zining Quyoshga eng yaqin nuqtasi — perigeliydan o‘tayotgan bo‘ladi va Yer bilan o‘rtadagi masofa 56−60 mln km ni tashkil etadi. Bunday qarama-qarshi turish «buyuk ro‘para turish» deb ataladi. Bu xodisa 15 yoki 17 yilda 1 marta takrorlanadi. Bunday hodisa oxirgi marta 2003 yilning 27 avgustida sodir bo‘lgan edi, u haqiqatdan ham Marsning «juda buyuk» ro‘para turishi edi, chunki ungacha masofa 56 mln kilometrdan kamroq qiymatni tashkil etgan edi.

Olimning ta’kidlashicha, hatto shunday yaqin masofadan xam Marsni yulduzdan farqlash ancha qiyin. 50 marta kattalashtirishga ega teleskop yordamida uning faqat diskini ko‘rish mumkin. Biroq Mars sirtidagi kanal va tog‘larni ko‘rish uchun kattalashtirishi 500 va undan yuqori bo‘lgan teleskop zarur. Bundan tashqari kuzatuvni shahardan tashqari, atmosferasi chang va bulutlardan holi bo‘lgan, turbulentlik kam bo‘lgan joyda o‘tkazish lozim.

O‘zbekistondagi shunday joylardan biri — bu Maydanak tog‘idir, u yerda Astronomiya institutining observatoriyasi faoliyat olib boradi.

«Albatta, observatoriya Oy tutilishi va Marsning ro‘para turishini kuzatuvlar rejasiga kiritgan va biz tez kunlarda institut sayti orqali bu ajoyib xodisalarning davomida olingan fotosuratlarni e’lon qilamiz», — deydi Yusuf Tillayev.