Dilshod Nurmatov (ism-fami­liya­lar o‘zgartirildi) va Shuhrat Beknazarov hamqishlog‘i Dildoraning uyiga bostirib kirib, u va bolalarini sovuq qurollar yordamida qo‘rqitib, pullarini olib chiqib ketgani uchun uzoq muddatga qamoqqa hukm qilindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi raisi Nizomjon Mahmudov “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Kunlarning birida Dilshod Nurmatovning to­mor­qasiga o‘t o‘rgani kelgan Shuhrat Beknazarov gapni uzoqdan boshlagan ko‘yi “reja"sini aytdi:

— Hamqishlog‘imiz Dildora opaning turmush o‘rtog‘i chet elda ishlab, har oyda uyiga pul jo‘natib turadi. U yosh bolalari bilan yashaydi. O‘zing bilasan, yaqinda yangi hovlisiga ko‘chib chiqqan, hali hovlisining darvozasi ham yo‘q. Itini esa, kecha dori berib o‘ldirdim. Qisqasi, agar yo‘q demasang, bahonada bir narsalik bo‘lib qolardik…

Uning gaplarini tinglab turgan Dilshod avvaliga ikkilandi, keyin esa qanday rozilik berganini o‘zi ham sezmay qoldi.Shuh­rat oldin ham o‘g‘irlik va bezorilik jinoya­tiga qo‘l urgani uchun jazoga tortilgan, ammo u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib olmagandi.

Shuhrat oldindan tayyorlab qo‘ygan niqoblarini yana bir marta ko‘z­dan kechirdi. Hatto o‘tkir qilib charxlangan temir bigiz va to‘qmoqday tayog‘ini olishni ham unutmadi. Yarim tunda, qishloqda hammaning qadami tingan pallada tungi “qora sharpa"lar Dildora Ahmedovaning uyi tomon yo‘l olishdi.

Dildora o‘sha oqshom o‘n ikki yashar o‘g‘li Bekzod bilan hovlidagi so‘rida, katta qizi Ruxsora esa, ichkaridagi xonada bexavotir uxlab yotardi.

Dastlab niqobdagi bos­qinchilar so‘rida uxlab yot­gan xonadon sohibasini qo‘lidan tortqilagancha urib, o‘rnidan turg‘azishadi. Kutilmagan bu tahdiddan qo‘r­qib ketgan Dildora baqirib, dod sola boshladi.

Bundan cho‘chib ketgan Dilshod ayolning og‘zini mahkam berkitdi-da, pul topib berishini talab qil­di. Onasining baqirganidan uyg‘onib ketgan Bekzodni Shuhrat qo‘l­larini orqasiga qayirgancha mahkam ushlab turardi. Shundan so‘ng bosqinchilar ona va o‘g‘ilni sudragancha ichkariga olib kirishdi.

Shu payt Dilshodning ko‘zi deraza oldida turgan ro‘zg‘or pichog‘iga tushdi. U pichoqni qo‘liga olib, o‘qtalgancha, yana dag‘dag‘a qilishga tushdi. Oxir-oqibat farzandlarining hayoti xavf ostida qolganini ko‘rib qattiq qo‘rqqan Dildora bos­qinchilarga pulning joyini aytishga majbur bo‘ldi.

“O‘lja"ni qo‘lga kiritgan jinoiy sheriklar jabrdiyda oila a’zolariga “agar bu haqda ichki ishlar bo‘­limiga xabar bersalaring, oqibati juda yomon bo‘ladi” deb qay­ta-qayta tahdid qilishdi. So‘ngra ularning qo‘l telefonini ham tortib olishdi.

Xullas, o‘sha tunda hamtovoqlar Dildora Ahmedovaning 350 AQSH dollari hamda 300 ming so‘m mablag‘ini qo‘l­ga kiritib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishdi. Ammo ularning bu qilmishi tez ora­da oshkor bo‘ldi. Aynan shu qilmish ularni sudning qora kursisiga yetaklab keldi.

Shu o‘rinda sudlanuvchi Dilshod Nurmatovning suddagi iqrori ki­shi e’tiborini tortadi:

— Men aslida pulga muhtoj emas edim. Ammo sinf­doshim Shuhrat meni to‘g‘ri yo‘l­dan ozdirdi. Eng yomo­ni, ota-onamning, yaqinlarimning yuzini yerga qa­ratdim. Qilgan qilmishimdan ming-ming pushaymonman…

Sud hay’ati jinoiy guruhning qilmishini batafsil muhokama etib, Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ularni aybdor deb topdi va sudlanuvchilarning har birini tegishli muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi.