Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida 2018−2019 o‘quv yilidan boshlab AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etildi. «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarorida bu haqda so‘z boradi.

Bundan ko‘zlangan maqsad — o‘quv jarayoniga dunyo oliy o‘quv yurtlarida keng tarqalgan o‘qitishning kredit tizimini joriy qilish orqali universitetning jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoriga kiritilishini ta’minlashdan iborat.

O‘qitishning kredit tizimida talabaning o‘zlashtirish darajasi ma’lum miqdordagi kreditlar summasini yig‘ishiga bog‘liq bo‘ladi.

Yig‘iladigan umumiy kreditlar talabaning darslardagi faol ishtiroki, muayyan o‘quv kursi davomida olingan test natijalari, ilmiy izlanishlar, og‘zaki va yozma imtihonlar, amaliyot natijalari asosida belgilanadi.

O‘qitishning kredit tizimining asosiy afzalliklari:

  • talaba ta’lim jarayoni davrida chet el o‘quv yurtlarida yoki o‘zga ta’lim yurtida tahsil olib, so‘ngra o‘qishni davom ettira olishi mumkin;
  • o‘quv jarayonida chet el o‘quv yurtlari va tashqi muassasalardan malakali mutaxassislar jalb etiladi;
  • chet el oliy ta’lim muassasalari amaliyotidan kelib chiqqan holda o‘quv dasturlarini ishlab chiqiladi;
  • talabalar istagidan kelib chiqqan holda fan tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi vahokazo.