Toshkentdagi Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasidagi (Grand Mir mehmonxonasi qarshisida) soatli minora olib tashlanadi, deya xabar qildi poytaxt hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Minoraning o‘rnatilishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilardan biri Toshkent minorasining Amerikaning Somervill shahridagi «Eslash vaqti» yodgorligi (poydevoriga okrugning 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlarda halok bo‘lgan 39 nafar aholisi ism-shariflari yozilgan soatli minora) bilan o‘xshash ekaniga e’tibor qaratdi. Toshkentdagi minorada ham «Time to remember» yozuvining borligi ob’ekt dizayni ko‘chirilganiga shubha qoldirmaydi.

Foto: Vitaliy Khalzunov / Facebook.

«So‘nggi vaqtlarda shaharning ommaviy joylarida metaldan bezaklar paydo bo‘la boshladi. Mazkur konstruksiyalarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy qabul qilinmoqda, biroq ulardan biri bahsli bo‘lib chiqdi va u Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev topshirig‘i bilan tezkorlik bilan olib tashlanmoqda», — deyiladi hokimiyat xabarida.

Foto: Toshkent hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi ham poytaxtda yangi art-ob’ektlarning paydo bo‘layotganiga izoh berib, kengash ularning tanlanishi va o‘rnatilishiga hech qanday aloqador emasligi ta’kidlab o‘tildi.

Foto: fb.com/TashkentTop.

«Bu yerda hech qanday aniq fikr yo‘q. Shahar aholi uchun ham, mehmonlar uchun ham yanada ko‘rkam, do‘stona va qiziqarli bo‘lishi kerak, deyayotganlar haq. Ba’zilar art-ob’ektlar dizayni va ularning joylashtirilishidan hayron qolmoqda va shuni tanqid qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Jamoatchilik kengashi Toshkentdagi o‘zgarishlarni olqishlamoqda, biroq san’at ob’ektlarining his-tuyg‘ularimizga ta’sir ko‘rsatayotgan g‘oyaviy va badiiy tarkibini muhokama qilishga shaharliklarni jalb qilish muhim, deb hisoblaydi, deyiladi xabarda.