Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyuldagi qarori bilan Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar bojxona hududiga olib keladigan mol-mulk ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 2 yil davomida bojxona bojini to‘lashdan ozod qilinadi, agar:

mazkur korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushi kamida 33 foizni tashkil etsa;

mol-mulk xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun bojxona hududiga olib kelinsa.

Imtiyozni qo‘llash uchun ushbu mol-mulkni erkin muomalaga chiqarish rejimida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish paytida «O‘zbekekspertiza» AJ tomonidan berilgan maxsus sertifikatga ega bo‘lish zarur.

Yuqorida ko‘rsatilgan sertifikatni rasmiylashtirish jarayoni jadallashtirildi va soddalashtirildi.

Birinchidan, sertifikat olish uchun arizani endi elektron tarzda (shakliga qarang) taqdim etish mumkin. Shunisi e’tiborga loyiqki, arizaga rahbarning yoxud ishlab chiqarish uchun mas’ul shaxsning imzosi va ariza beruvchining muhri bilan tasdiqlangan hujjatlar paketini ilova qilish lozim. Biroq ushbu hujjatlarni elektron formatda ham taqdim etish imkoniyati haqida hech nima deyilmagan.

Endi sertifikatning o‘zi ham ekspertizadan o‘tkazilib, «Yagona darcha» birxillashtirilgan bojxona axborot tizimiga kiritilgandan keyin elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Biroq ariza beruvchi hujjatning qog‘oz shaklini talab qilsa, unga nusxasi qog‘ozga chiqarib beriladi.

Ariza beruvchining oldin berilgan sertifikatga o‘zgartirish (sh.j. amal qilish muddatini uzaytirish) va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi asoslangan murojaati, shuningdek o‘zgartirish va qo‘shimchalarning o‘zi ham elektron shaklda bo‘ladi.

Ikkinchidan, sertifikat olish uchun berilgan ariza 4 ish kuni (ilgari — 5 ish kuni) mobaynida ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha ma’lumotlar olish zarur bo‘lsa, muddat 6 ish kunigacha (ilgari — 10 ish kunigacha) uzaytiriladi.

Oldin berilgan sertifikatga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni rasmiylashtirish muddati 5 ish kunidan 4 ish kunigacha qisqartirildi.