Yagona umumrespublika protsessing markazi “XTT” ko‘p funksiyali softida ishlaydigan Uzcard ning barcha POS-terminallarida “Operatsiyani bekor qilish” va “Yakunlarni solishtirish” funksiyalarini ishga tushirdi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Yangi funksiyalar bilan Uzcard, UnionPay va MasterCard plastik kartalari sohiblari tovarni xarid kunida qaytarganlarida pulni kartochkaga qaytarib olish imkoniga ega bo‘ldilar. Mablag‘lar “Operatsiyani bekor qilish” funksiyasi yordamida darhol qaytariladi. Majburiy sharti — xaridni tasdiqlovchi chekning mavjudligi. Pul qaytarilganligi dalilini “Yakunlarni solishtirish” xizmati yordamida tekshirish mumkin.

“Operatsiyani bekor qilish” funksiyasi quyidagi tartibda ishlaydi:

Uzcard plastik kartalaridan foydalanilgan o‘zaro hisob-kitoblarda — kun oxirigacha;

UnionPay va MasterCard kartalaridan foydalanilgan o‘zaro hisob-kitoblarda — xarid kunida soat 16−00 gacha.

Softni o‘rnatish uchun savdo shoxobchasi egasi xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat qilishi zarur. Jarayon bir necha daqiqa vaqt oladi.