O‘zbekistonga kirish uchun elektron vizalar tizimi — e-visa.gov.uz ishga tushganidan boshlab ikki kunlik faoliyati davomida 28 davlatning 196 nafar fuqarosidan murojaat kelib tushdi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Tizim 15 iyulda ishga tushirilgan bo‘lib, vizani rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan mamlakatlarning fuqarolari sayyohlik maqsadida O‘zbekistonga kelishlari mumkin.

Arizani ko‘rib chiqish muddati ikki kun. 17 iyul kuni kechgacha bo‘lgan holatda 31 ta elektron viza berildi.

Eng ko‘p arizalari AQSH (33), Buyuk Britaniya (30) va Xitoy (26) fuqarolaridan kelib tushgan. Shuningdek, Polsha va Hindiston fuqarolari 14 ta ariza bergan.

Shu bilan bir qatorda Ispaniya (9), Kanada (8), Fransiya va Niderlandiya (7 tadan), Germaniya, Irlandiya va Italiya (5 tadan), Belgiya va Portugaliya (4 tadan), Vengriya, Shveysariya va Avstraliya (3 tadan), Avstriya, Bolgariya, Daniya, Xorvatiya va BAA (2 tadan), shuningdek, Latviya, Litva, Makedoniya, Norvegiya, Shvetsiya va Saudiya Arabistoni (1 tadan) davlatlarining fuqarolari ariza bilan murojaat qilgan.

Elektron viza O‘zbekiston hududida bir marotaba 30 kun bo‘lish huquqini beradi. U 90 kun davomida amalda bo‘ladi.

Elektron viza elektron pochta manziliga jo‘natiladi. Chegarani kesib o‘tayotganda vizani elektron yoki qog‘ozda chop etilgan holatda ko‘rsatish yetarli.