Bo‘stonliq tumanida yashovchi Dilshod Nurbekov va Jahongir Zunnunov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zaro jinoiy til biriktirib, 13 marotaba o‘g‘irlikka qo‘l urishdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudi sudyasi Bahodir Qorayev «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

2017 yil 18 sentyabr kuni Dilshod tumanning Chorbog‘ qo‘rg‘onida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast bo‘lib qoldi. So‘ng soat 18.00 larda o‘zining eski tanishi Jahongir bilan birga Xo‘jakent qishlog‘i, Ishonch ko‘chasida yashovchi Navro‘za Dadaboyevaning dala hovlisiga devor oshib tushib, bahosi 10.000.000 so‘mlik bo‘lgan 2 dona Samsung rusumli televizor va 1 dona televizor tyunerini o‘g‘irlab ketishdi.

Keyin ular 2017 yil 30 noyabrdan 27 dekabrga qadar g‘azalkentlik Fazilat Begmatovaning yotoqxonasidan 1,7 million so‘mlik Lenovo rusumli noutbuk kompyuterini, Jamila Ergashevaning 4 million so‘mi va Zafar Mirzaraimovning 3 million so‘mi hamda shuncha so‘mlik tilla buyumlarini o‘g‘irlashdi. O‘g‘irlik mollarni esa arzon garovga sotib yuborishdi.

2017 yil 31 dekabrdan 1 yanvarga o‘tar kechasi hamtovoqlar Oleg Boborahimovga tegishli G‘azalkent shahar, Abdukarimov ko‘chasidagi 15-uydan 100 AQSH dollari, 700.000 so‘m, 400.000 so‘mlik ayollar pardoz vositalari va bahosi 400 AQSH dollariga teng bo‘lgan avtomashina navigatorini o‘marishdi.

1 yanvar sanasida birvarakayiga 2 ta xonadonni nishonga olishdi. Aniqrog‘i, D. Nurbekov J. Zunnunov bilan birga shu yil 1 yanvar kuni soat 19.30 larda mahalladoshlari Turg‘unboy Imomaliyev va Nurilla Do‘stmirzayevning hovlisiga devor oshib tushib, T. Imomaliyevning 3.000 AQSH dollari, N. Do‘smirzayevning 2,2 million so‘mlik tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlaydi.

2018 yil yanvar-fevral oylarida Shohsanam Boboyeva, Xurshid Raimjonov, Saidvali Muslimov va Muhiddin Doliyevning uyidan 2.460.000 so‘m, 1 juft tilla zirak, 1 dona durbin, Samsung rusumli uyali aloqa telefoni va Samsung rusumli televizorni o‘g‘irlab, sotib yuborishdi.

Tuman ichki ishlar bo‘limining tezkor xodimlari jabrlanuvchilarning murojaatidan so‘ng o‘g‘rilarning iziga tushishdi. Oqibatda jinoyatchilarning qilmishlari ko‘p o‘tmay fosh etilib, Dilshod Nurbekovga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi, 25,169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan, Jahongir Zunnunovga esa, 169-moddasi 3-qismi «a» bandi, 25,169-moddasi 3-qismining «a» bandi va 171-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudi tergov-surishtiruv jarayonida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar to‘liq qoplangani, aybdorlarning muqaddam sudlanmagani, yoshi, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani hamda tumandagi «Namuna» mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan D. Nurbekov, «Navro‘z» mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan esa, J. Zunnunov kafillikka olinganini nazarda tutib, sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan axloq tuzatish ishi jazosi tayinladi.