O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 19−23 iyul kunlari O‘zbekistonga xorijiy davlatdan (Eron) Turkmaniston orqali quruq va juda issiq havo kirib keladi. Bu haqda FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi xabar qildi.

Shu munosabat bilan, respublikaning aksariyat hududlarida havoning kunduzgi harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 5−7 darajaga oshib, 40−43 darajani tashkil etadi.

Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida havo harorati 44−45 gacha qiziydi, garmsel kutilmoqda.

19−23 iyul kunlari respublikaning tog‘ va tog‘ oldi mintaqalarida havo haroratining oshishi munosabati bilan Tojikiston va Qirg‘iziston hududlaridan glyasiyal (muzlikning erishi natijasidagi) sel kelishi mumkin.

FVV fuqarolardan yuqoridagilardan kelib chiqib, havfsizlik choralarini ko‘rish, ko‘p miqdorda ichimlik suvini iste’mol qilish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va jismoniy harakatlarni kamaytirishni so‘radi.