Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 12 iyuldagi qarorida so‘z boradi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning «nefrologiya» va «bolalar nefrologiyasi» mutaxassisliklari bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochiladi. Yangi tashkil etilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida «Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi» kafedrasi tashkil etiladi.

Hujjatda Sog‘liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologiya va gemodializ yordamini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati qoniqarsiz ekani tan olingan.

Tibbiyot muassasalarida gemodializ olish uchun o‘rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ bo‘linmalarining yarmidan ortig‘i moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, ko‘pgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati o‘tib ketgan, deyiladi qarorda.

Terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan bemorlarni davolashning yagona standartlari va protokollari joriy etilmagan, shuningdek, nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularga o‘z vaqtida tashxis qo‘yishning samarali tizimi, bemorlarni tanlash va gemodializga yuborish tartib-taomillari yo‘lga qo‘yilmagan.

Hujjatda qayd etilishicha, nefrolog mutaxassislar, gemodializ shifokorlar va gemodializ bo‘linmalarining boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha yagona dastur mavjud emasligi sababli shifokor-nefrologlar va gemodializ bo‘yicha mutaxassislar keskin yetishmayapti.

Quyidagilar Sog‘liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko‘rsatishni yanada oshirish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • yetakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkil etish;
  • profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy hamda samarali usullarini joriy etish yo‘li bilan sog‘liqni saqlash tizimining viloyat va tuman darajalarida aholiga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik nefrologik tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish;
  • buyrak patologiyasining barvaqt oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash, mavjud bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etuvchi integratsiyalashtirilgan tizimni sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajalarida yaratish, shuningdek, bemorlarga tashxis qo‘yish, tanlash va gemodializga yuborish jarayonini xalqaro amaliyotga muvofiq qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish yo‘li bilan nefrologik kasalliklarga chalinish hamda bu kasalliklar sababli vafot etishni kamaytirish;
  • davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlaridan keng foydalangan holda gemodializ yordamga muhtoj bemorlar umrining uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta’minlash;
  • tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida katta yoshdagilar va bolalarda buyrak kasalliklariga tashxis qo‘yish va uni davolashning yagona zamonaviy standartlari va protokollarini joriy etish, jumladan, gemodializ seanslari uchun majburiy klinik protokollarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • nefrologik va gemodializ muassasalarini zamonaviy yuqori texnologik tashxis qo‘yish va davolash tibbiyot uskunalari bilan to‘liq jihozlash, ularni ehtiyot qismlar, gemodializ uchun sarflash materiallari bilan uzluksiz ta’minlash va tegishli qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish yo‘li bilan nefrologiya va gemodializ muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va davolash bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
  • aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko‘rsatish sohasida xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni jadal rivojlantirish.

Surunkali buyrak yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan bemorlar hisobini yuritish va ularning monitoringini olib borishning yagona elektron registri mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Uch oy ichida nefrologiya va gemodializ bo‘linmalarining gemodializ uskunalari parkini tanqidiy tahlil qilinib, uning yakunlari bo‘yicha ularni yangilash, shuningdek, gemodializ bo‘linmalari tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida «O‘zbekiston dializ jamiyati» nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etiladi.

Gemodializ o‘tkazish uchun sarflash materiallarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.