15 iyuldan e-visa.gov.uz saytida turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelish uchun elekron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston TIVning eslatib o‘tishicha, mazkur tizim chet el fuqarolarining turistik kirish vizasini olish uchun O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalariga majburiy murojaat zaruriyatini bekor qilishni ko‘zda tutadi.

Elektron viza O‘zbekiston hududida 30 kungacha bir marta bo‘lish uchun beriladi.

Elektron viza berilgan vaqtdan boshlab 90 kun davomida amal qiladi.

Elektron vizani rasmiylashtirish va berish uchun murojaatni ko‘rib chiqish muddati ikki ish kunini tashkil etadi (murojaat berilgan kundan tashqari).

Berilgan elektron viza e-visa.gov.uz tizimining rasmiy veb-portaliga murojaat etish vaqtida ko‘rsatilgan chet el fuqarosining elektron pochtasiga jo‘natiladi.

Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat berish O‘zbekistonga kelish sanasidan uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Elektron kirish vizasini olish murojaatini ko‘rib chiqish uchun konsullik yig‘imi hajmi 20 AQSH dollarini tashkil etadi.

To‘lov elektron ko‘rinishda xalqaro to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Elektron viza berishda rad javobi berilgan taqdirda konsullik yig‘imi uchun olingan mablag‘ qaytarilmaydi.

Elektron viza o‘tish hujjatiga (pasport) yopishtirilmaydi. Chegara orqali o‘tish punktida chet el fuqarosi elektron vizani qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda taqdim etadi.