12 iyul kuni Sofiyada O‘zbekiston-Bolgariya savdo uyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. Marosim bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Bolgariyaga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

«O‘ztreyd» tashqi savdo kompaniyasi va Bolgariyaning MBI Engineering kompaniyasi hammuassisligida ochilgan savdo uyining ochilishidan maqsad O‘zbekiston mahsulotlarining Bolgariyaga yetkazilishi hajmini oshirishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning savdo va investitsion salohiyati bilan tanishdi. O‘tkazilgan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha o‘zbek mahsulotlarining yetkazib berilishi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Bir kun oldin esa Nodir Otajonov Bolgariya bosh vazirining iqtisodiy va demografik siyosat bo‘yicha o‘rinbosari Valeri Simenov bilan uchrashdi. Ular transport-logistika, investitsiya va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad Iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Bolgariya hukumatlararo komissiyasining beshinchi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat.