Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi «Vaqf: xayriya mablag‘lari boshqaruviga shaffof yondashuv» mavzusida bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbarlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, diniy ulamolar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi, deyiladi O‘zA xabarida.

Sessiyada ta’kidlaganidek, «Vaqf» xayriya jamoat fondining mablag‘lari 3 qismga bo‘linadi. Ya’ni, Xayriya, Vaqf, Zakot (ushr, fitr va fidya) bo‘limlari. Hozirgi kunda 3 ta bo‘limning ham alohida-alohida hisobraqami mavjud. Deylik, bir kishi zakot uchun fondga mablag‘ o‘tkazsa, o‘tkazilgan mablag‘ zakot bo‘limiga tushadi. Shu bilan birgalikda shariatda aytilgan o‘rinlarga sarf qilinadi. Umumiy qilib aytganda, fond faqatgina vaqf mulkidan iborat emas. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.

Fondga kelib tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi qator ishlar uchun sarflanadi.

Fondga xayriya mablag‘larni odamlar qiyinchiliksiz o‘tkazishlari uchun elektron to‘lov tizimlari joriy etilgan. Jumladan, CLICK, Payme tizimlariga ulangan. Bu degani siz plastik karta orqali istasangiz zakot, vaqf yoki xayriya mablag‘larini fondga o‘tkazishingiz mumkin. Undan tashqari, O‘zbekistondagi barcha infokioskalar orqali fondga xayriya qilish imkoniyati yaratildi. Ulardan fondning istalgan bo‘limiga naqd yoki plastik karta orqali pul o‘tkazish mumkin.

Eslatish o‘rinli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Mazkur fond 10 may kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi iyun oyida jami bo‘lib 231 milliondan ortiq so‘m zakot va xayriya mablag‘larini shariatda ko‘rsatilgan o‘rinlarga yetkazdi. Mablag‘lar muhtoj, bemor, uysiz, qarovchisi yo‘q yoshi ulug‘larga, ko‘zi ojizlar va nogironlar jamiyatlariga naqd pul yoki plastik karta orqali yetkazib berildi.