O‘zbekiston Markaziy banki valyuta-ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirishda banknotalarning muomalaga yaroqli yoki yaroqsizligini belgilovchi shikastlanishlar ro‘yxatini tahrir qildi. Bu haqda Norma.uz xabar qildi.

Endilikda banklar quyidagi nuqsonlarga ega kuryuralarni qabul qilishdan bosh torta olmaydi:

  • banknotalar rasmini (shakli) aniqlashga imkon beruvchi ishqalanganlik va ifloslanganlik;
  • banknotalar kengligining (uzunligi) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yirtiqning yelimlanganligi;
  • aynan ushbu banknotaning qismi hisoblangan va 1 kv. sm dan oshmaydigan burchaklar yoki bo‘laklarning yelimlanganligi;
  • banknotaning haqiqiyligini aniqlashga to‘sqinlik qiluvchi va himoya belgilaridan birining 50 foizdan ortiq qismini bekitmaydigan kichik dog‘, ikkitadan oshmagan yozuv va shtamp izi (banknotalarning muomaladan chiqarilgani, soxtaligi yoki namunaviy ekanini tasdiqlovchi shtamplardan tashqari);
  • diametri 1 mm dan oshmaydigan ikkitadan ortiq bo‘lmagan teshikcha.

Quyidagi holatlarda banknotalar yaroqsiz deb topiladi:

  • ikki qismga ajralib ketgan, shu jumladan yelimlangan;
  • banknotaning geometrik hajmi 3 mm yoki ortiqroqqa o‘zgargan;
  • tasvirlarni (rasm, portret, shakl) aniqlashga imkon bermaydigan darajada ishqalangan va ifloslangan;
  • qattiqlik darajasini sezilarli darajada yo‘qotib, yumshoq holatga kelgan;
  • dastlabki ranglari o‘zgargan yoki rangsizlashgan;
  • yongan yoki kuygan;
  • to‘lovga yaroqliligini tasdiqlovchi asosiy belgilaridan birining 50 foizdan ortiq qismi yog‘, bo‘yoq yoki siyoh bilan bekitilgan;
  • kimyoviy reaktivlar ta’sirida shikastlangan;
  • tasvirlarga qasddan shikast yetkazilgan, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipi olib tashlangan, ko‘p miqdordagi yozuvlar mavjud bo‘lgan;
  • to‘lqinsimon belgi yoki himoya ipi yo‘q yoki muvofiq bo‘lmagan, mukammal chop etilmagan, tasvirlar chaplanib ketgan.

Shu vaqtga qadar shikastlangan kupyuralar faqatgina O‘zbekiston Milliy bankining bosh idorasida komissiya to‘lovlarisiz qabul qilingan.