O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev «Gazeta.uz» so‘rovi bo‘yicha Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on IIBda ayol kishining tahqirlanishi bilan bog‘liq hodisaga izoh berdi.

Ombudsman hodisani «kishini g‘azablantiruvchi hamda onalar va ayollar or-nomusini yerga uruvchi», «jamoatchilik tanbehi va qonunchilikka muvofiq jazolanishga loyiq» hodisa" deb atadi.

Vakil mazkur ishning ko‘rib chiqilishi jarayonini kuzatishga qaror qilgan bo‘lib, bu haqda Bosh prokuraturaga so‘rov jo‘natgan. Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga sud majlislarida ishtirok etish topshirilgan.

«Mazkur hodisa ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida ularning xulq-atvori hamda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida ko‘zda tutilgan me’yorlarga so‘zsiz rioya etish bo‘yicha keng tushuntirish ishlarini tashkil etish uchun tayanch nuqtasi bo‘lishi lozim», — deyiladi ombudsman bayonotida.