O‘zbekiston prezidenti 2 iyul kuni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Quyidagilar uning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni hamda jamiyatdagi va oiladagi ma’naviy-axloqiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa holatlarni qo‘zg‘ata oladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olish, shuningdek, ushbu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etishini ta’minlash;
  • ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishda, yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarni, birinchi navbatda oilaviy-maishiy nizoli vaziyatlarni hal etishda davlat organlarining o‘zaro hamkorligini, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;
  • nizoli vaziyatlarning erta oldini olishga, eng avvalo, «xavf ostidagi guruh"da bo‘lgan shaxslar va oilalarni aniq maqsadda qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini takomillashtirishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish;
  • nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-mamiyishiy zo‘rlik ishlatish sabablarini, o‘z joniga qasd qilish kayfiyatini qo‘zg‘atadigan omillarni aniqlash hamda o‘rganish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini, shu jumladan jazo muqarrarligini ta’minlash, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash orqali qaror toptirish;
  • jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy va shaxslararo munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish jarayonlariga daxldorlik hissini kuchaytirish.

Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tashkil etilmoqda. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • og‘ir ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqi va boshqa yordam ko‘rsatish;
  • o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan yoki o‘z joniga qasd qilgan shaxslar bilan birlamchi va izchil profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;
  • nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish hollarini va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni erta bartaraf etish maqsadida davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar bilan o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatish;
  • ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha hududiy davlat va nodavlat muassasalarining faoliyatini tashkil etishda, ularning moddiy-texnik va uslubiy bazasini mustahkamlashda, mazkur muassasalarning kadrlar salohiyatini shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashda, muhtoj shaxslarga, shu jumladan «ishonch telefoni» orqali maslahat berish tizimini yaratish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;
  • dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida vaqti-vaqti bilan jamoatchilik fikrini o‘rganish, ularning asosida nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etishga doir dasturlar va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilish hamda umumlashtirish, axborot-tahliliy materiallarni, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida tarqatish orqali ushbu sohadagi muammolar haqida jamoatchilikning xabardor etilishini ta’minlash;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari uchun nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan amaliyotlar, seminarlar va treninglar o‘tkazish.

Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Xotin-qizlar qo‘mitasiga uch oy muddatda «Maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Unda quyidagi masalalar nazarda tutilishi lozim:

  • maishiy zo‘rlik ishlatish tushunchasini ta’riflash, zo‘rlik ishlatiladigan holat turlarini ajratib ko‘rsatish;
  • vakolatli organlarning vazifalari va funksional majburiyatlarini belgilash;
  • maishiy zo‘rlik ishlatishning erta oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni farqlash;
  • muayyan taqiqlar o‘rnatishni, shu jumladan jabrlanganlar bilan muloqot qilishga, ularning ish joyiga, o‘qish joyiga, yashash joyiga borishga taqiqlar qo‘yishni va ularni himoya qilish bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni nazarda tutadigan himoyaviy ko‘rsatmalar institutini joriy etish;
  • sudgacha va sud tekshiruvi jarayonida maishiy zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan maxsus protsessual kafolatlarni joriy etish.

Hujjatga muvofiq, Bosh prokuratura oilaviy-maishiy sohada qonuniylikni va har bir oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish, shaxsiy hayoga aralashuv holati bo‘yicha javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.

Nazorat organi Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishdan jabrlangan shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq e’tirozsiz va qarshiliksiz odil sudlovdan foydalanishini va to‘liq himoya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim.

Ichki ishlar organlari xodimlariga nizoli vaziyatlarda va oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish aniqlangan hollarda samarali harakat qilish o‘rgatiladi.

Hujjat Sog‘liqni saqlash vazirligiga «xavf ostidagi guruh"da bo‘lgan oila a’zolariga nisbatan har qanday zo‘rlik ishlatilgan holat haqida huquqni muhofaza qilish organlarini, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalarini va «Oila» markazini zudlik bilan xabardor qilish majburiyatini yukladi.