O‘zbekistonda yil boshidan buyon jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40,7 foizga yoki 12 mingtadan ziyodroqqa kamaydi. Bu haqda ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida mamlakatda birinchi yarim yillikda jinoyatlar va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotida ma’lum qildi.

Qotillik holatlari 23,5 foizga (75 taga), qasddan tan jarohatini yetkazish — 19 foiz (89), jinsiy zo‘ravonlik — 76 foiz (76), o‘g‘irlik — 47,5 foizga (2786), talonchilik — 60 foizga (223), bosqinchilik — 57,45 foizga (89), transport vositalarini olib qochish — 40,4 foizga (36) kamaydi.

94,5 foiz jinoyatlar tezkor-qidiruv guruhlari tomonidan jinoyat izlari «sovimasdan» ochildi. Bundan tashqari, o‘tgan yillarda sodir etilgan 1082 ta jinoyat, jumladan 328 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar fosh qilindi. Sud va tergov organlari tomonidan 2445 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi.

Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 37,4 foizga (3887 taga), jumladan kollej o‘quvchilari tomonidan 17,3 foizga (58 taga) kamaydi.

Muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari 33,2 foizga kamaydi.

Yarashuv komissiyalari faoliyati sharofati bilan 3728 ta oilaning ajralishiga barham berildi.

Yong‘inlar soni 4,1 foizga (175 taga), ularda fuqarolar o‘limi 21 taga qisqardi.

1,6 million yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilib, YTHlar soni 7,6 foizga (250 taga), ulardagi o‘lim darajasi 3,8 foizga (30), jarohatlar — 9 foizga (290) kamaydi.

Iyun oxirida 21,194 million yoki 94,9 foiz fuqaro biometrik pasport olib ulgurdi. 2016 yil dekabridan buyon 1730 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, o‘tgan yilda ular soni 487 nafarni tashkil etdi.

Po‘lat Bobojonovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bo‘yicha har 100 ming aholiga 53,5 ta jinoyat to‘g‘ri kelsa, 67 ta tuman va shaharda jinoyatchilik darajasi yuqoriligicha qolmoqda.

Jinoyatchilik darajasining yuqoriligicha qolayotganiga oilalardagi moliyaviy va maishiy muammolar ham sabab bo‘lmoqda. Jumladan, qasddan sodir etilgan 186 ta qotillik jinoyatining 40 foizi (73), tanaga og‘ir jarohat yetkazish jinoyatlarining 25 foizi (262) er-xotin, qarindoshlar, qo‘shnilar va tanishlar o‘rtasidagi janjallar sabab bo‘lgan.

Joriy yilning besh oyi davomida 2500 nafar ayollar tomonidan jinoyatlar sodir etilgan. Sodir etilgan jinoyatlarning 30,7 foizi 30 yoshgacha yoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ularning 1869 tasi (28,5 foizi) ishsiz va ma’lumotsiz shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yoshlar tomonidan sodir etilgan 331 ta jinoyatning 211 tasi kollej, 120 tasi maktab o‘quvchilari tomonidan amalga oshirilgan. Viloyat va tumanlar hokimlari hamda IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilganiga qaramasdan, ular faoliyati talabga javob berayotgani yo‘q, deya ta’kidladi vazir.

Fuqarolarning bir hududdan boshqasiga tez-tez ko‘chib yurishi natijasida bir kvartirada 20−30 nafargacha kishining noqonuniy ravishda yashashi holatlari uchrab turibdi. Mazkur masalani o‘rganish jarayonida 196 ming oilada ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslar aniqlandi, dedi Po‘lat Bobojonov.

«Qonunchilik doirasida, boshqa hududga ishlash uchun borgan shaxs besh kun ichida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi lozim, shundan so‘ng olti oygacha muddatgacha ishlashi mumkin», — dedi u.

IIV rahbari prezident uysizlar bilan ishlash bo‘yicha alohida topshiriq berganini ma’lum qildi. «Uysizlar — boshqa toifa. Ularda na yashash joyi, na hujjatlar, na ish bor. Ular yerto‘lalarda, chiqindixonalar yoki boshqa tashlandiq joylarda yashaydi. Topshiriqqa ko‘ra, Toshkentda bir hafta davomida ularning barchasini reabilitatsiya markazlariga joylashtirishni mo‘ljallanganmiz. Hozirda u yerda 500 nafarga yaqin uysizlar bo‘lib, ularning 44 foizi Toshkent, 56 foizi esa viloyatlardan. Biz ularga tibbiy yordam ko‘rsatamiz, bir oy ichida ish, hujjatlar va yashash joyi bilan ta’minlaymiz», — dedi u.

Po‘lat Bobojonov yil boshidan buyon 2822 nafar xodim tomonidan xizmat intizomi buzilgan bo‘lib, ularga nisbatan 613 ta ma’muriy va 75 ta jinoiy ish ochilgan.