Andijonda velosiped yo‘llari va velosipedlarni ijaraga berish punktlari rivojlantiriladi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bu bo‘yicha shahar hokimligi rahbarlariga aniq topshiriqlarni berdi, deyiladi hokimning Feysbukdagi sahifasida.

Rejaga ko‘ra, Andijon shahridagi 7 ta markaziy ko‘chalarda velosipedlar harakati uchun umumiy 28,6 km uzunlikdagi yo‘lakchalar tashkil qilinadi. Bir tomonlama yo‘lakchalarning eni 2,25 metr, ikki tomonlama yo‘lakchalarniki 3,25 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki bosqichda 500 ta zamonaviy velosipedlar olib kelinib, 20 ta ijara maskani tashkil qilinadi va barcha maskanlar yagona elektron tizimga ulangan holda ishlaydi. Ushbu yo‘nalishda axborot texnologiyalarini keng qo‘llagan holda velosipedlarni ijaraga olishdan tortib uni to‘lovlari ham to‘liq avtomatlashtiriladi.

Bu borada viloyat hokimi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boshqarmasiga aniq takliflarni ishlab chiqish va bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha topshiriqlarni berdi.

Andijon shahrida 425 ming aholi istiqomat qiladi. Qariyb 40 mingga yaqin avtotransport vositalari mavjud. Viloyat miqyosida esa 187 mingta avtoulov bor.

Qatnovning ko‘pligi, artof-muhit musaffoligini saqlash masalalari piyoda yoki ekologik toza transport vositasida harakatlanishni keng targ‘ib qilishni taqozo etadi.