Toshkent prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mira’lam Mirzayev va uning oila a’zolari jinoiy ish bo‘yicha tergov jarayonida Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz"ga taqdim etgan ma’lumotlarda so‘z boradi.

«Tergov jarayonida Mirzayev oilasi bo‘yicha M.Mirzayev, M.Mirzayeva, A.Mirzayev va Z.Inog‘omov (M.Mirzayevning jiyani) qo‘lga olindi», — deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotnomasida.

Jinoiy ish doirasida Mirzayev va Inog‘omovlar oilalariga tegishli turar joy va noturar ob’ektlarda tintuvlar o‘tkazilib, turli buyumlar, hujjatlar, avtotransport vositalari va boshqalar olib qo‘yildi.

«Tergov jarayoni davom etayotgani sababli hozirda mazkur jinoiy ish bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni oshkor qilish imkoniyati yo‘q», — deya ma’lum qildi nazorat organi.

22 mart kuni Bosh prokuratura O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovga nisbatan ochilgan jinoiy ish doirasida Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mira’lam Mirzayev, uning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li ishtirokida juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini xabar qilgan edi.