Saudiya Arabistonining Ajlan & Brothers Group kompaniyasi O‘zbekistondagi loyihalarga 2 mlrd dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Kompaniya boshqaruvi raisi Muhammad Abdulaziz Ajlan O‘zbekistonga tashrifi doirasida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasida uchrashuv o‘tkazdi. U Buxoro, Andijon va Samarqand viloyatlarida paxta va ipak xom ashyosini qayta ishlash rejalari to‘g‘risida ma’lum qildi.

«Men ipakchilik, paxtachilik va to‘qimachilik sanoatiga 2 mlrd dollar miqdorida investitsiya kiritishni mo‘ljallayapman. Biz allaqachon o‘zbek hamkasblarimiz bilan amaliy ishlarni boshlab yubordik. O‘ylaymanki, hamkorlarimiz yaxshi daromad ko‘rishadi», — deydi kompaniya raisi «Axborot 24» dasturiga bergan intervyusida.

Kompaniya Buxoro, Andijon va Toshkentda besh yulduzli mehmonxonalar qurishni ham rejalashtirmoqda.

Ajlan & Brothers Group erkaklar bosh kiyimi va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida mashhur. 1979 yilda Ajlan & Brothers Group Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlarida 45 ta filial va 200 dan oshiq savdo nuqtalari ochgan.