Qoraqalpog‘iston davlat universiteti kimyo-texnologiya fakulteti dekani Rashid Kurbaniyazov hamda kimyo-texnologiya kafedrasi mudiri Maxset Ayimbetov talabalarni qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilgani uchun vazifasidan ozod qilindi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, rahbarlar 2 iyun kuni Xabar.uz saytida maqola chop etilganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan.

Xabarda qayd etilishicha, QDUning kimyo-texnologiya fakultetining beshta guruhida tahsil oluvchi 80 nafar talaba dars mashg‘ulotlaridan zod qilinib, Nukus tumanidagi Maxset Ayimbetovga tegishli «Shortanbay tangi» fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan.

Talabalardan biri mutasaddi organga (qaysi ekani ko‘rsatilmagan) murojaat qiladi, tegishli organ xodimi universitetga kelib, xabarning rost ekanini tasdiqlaydi. Dekanat auditoriyaning bo‘shligini darslar tushdan keyinga qoldirilgani bilan izohlaydi, dars jadvalida esa mashg‘ulotlar tongi vaqtga qo‘yilgan. Tekshiruv haqida xabardor bo‘lgan Ayimbetov talabalarni 12:00 da qaytaradi, deyiladi maqolada.