Farg‘ona viloyatining Quvasoy tumanida Vodiy Tulporlari qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish majmuasi ochildi.

Yilqichilik va ot sporti federatsiyasining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, bu yerda asosan harbiy xizmatchilar va «Vatanparvar» tashkiloti xodimlari uchun otlar yetishtiriladi.

Majmua 2,5 ga maydonni egallab, zamonaviy drenaj tizimi va quyosh vannasiga ega ochiq va yopiq manejlar bilan ta’minlangan. Tuproq qismi Navoiy viloyatdagi «Jeroy» konidan keltirilgan kvars qumidan tarkib topgan.

Majmua bu yerda milliy va xalqaro musobaqalarni tashkillashtirishni istagan mehmonlarni qabul qilishga tayyor. Ochiq manej perimetri bo‘ylab 180 kishiga mo‘ljallangan tribuna va oltita ayvon o‘rnatilgan.

Uchta otxonaning biri toylar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, otlarni sifatli parvarish qilish uchun barcha zarur sharoitlarga ega. Sug‘org‘ich, oxur va boshqa og‘ilg‘ona ashyolari xorijdan keltirilgan. Sport o‘yinlari uchun to‘siqlar xalqaro standartlar asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan, deyiladi xabarda.

Majmua hududida maxsus suv havzasi va qumli yugurishga mo‘ljallangan maydoncha barpo qilingan. Bundan tashqari, bu yerda zarur jihozlar, jumladan UZI va qon analizatoridan iborat laboratoriya tashkil qilingan.

Vodiy Tulporlari majmuasi «Kvars» kompaniyasi mablag‘lari hisobiga qurilgan. Tez orada otlar majmuasi O‘zbekiston bo‘ylab safarga chiqqan sayyohlarga xizmat qilishni boshlaydi.

Majmuaning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Zoyir Mirzayev va Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat aniyev ishtirok etdi.