O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari payshanba kuni Toshkent viloyatidagi «Bekobod» temir yo‘l chegara postida 14,9 kg geroinning olib o‘tilishiga chek qo‘ydi, deya xabar qildi DBQ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Taqiqlangan yuk Tojikistondan tranzitni amalga oshirayotgan yuk poyezdini tekshirish vaqtida aniqlandi. Polietilen xaltalarga qadoqlangan geroin vagonlardan birining pastki qismida metall qutilarga yashirilgan ekan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (yadroviy, kimyoviy, biologik va ommaviy qirg‘in qurolining boshqa turlarini, shunday qurollarni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon bo‘lgan material va moslamalarni, radioaktiv materiallarni, shuningdek giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

28 may kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida «Qora og‘u» tadbirini o‘tkazish jarayonida fuqaro S. A.dan 52,1 kg ko‘knor olib qo‘yildi, uning uyi hovlisidan esa 375 tup giyohvand o‘simlik aniqlandi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.