30 may kuni Rossiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Moskvada «Primakov o‘quvlari» xalqaro forum ishida ishtirok etish doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya kun tartibidagi bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Avvalo, Toshkent shahrida kuz oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin uchrashuvi kun tartibi yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifi ittifoqlik va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, unga aniq va uzoq muddatli tus berish uchun alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, vazirlar tomonidan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.