Taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 26−28 may kunlarning Vetnamning Xoshimin shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sakkizta medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqada 34 davlatdan 564 nafar sportchi qatnashdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, o‘zbekistonliklar ikkita oltin, bitta kumush va beshta bronza medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreya jamoasi birinchi (7−2−8), Xitoy ikkinchi (4−2−2) bo‘ldi.

O‘zbekiston nomida Nikita Rafalovich (-74 kg) va Nigora Tursunqulova (-67 kg) eng yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Jasur Boyqo‘ziyev (-87 kg) esa kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Maksim Rafalovich (-80 kg), Sardor Toirov (-63 kg), Madina Mannopova (-46 kg), Niyoz Po‘latov (-58 kg) va Dmitriy Shokin (-87 kg) bronza medali bilan kifoyalandi.

Seshanba kuni uch nafar sportchi — Niyoz Po‘latov, Madina Mannopova va Sardor Toirov Toshkentga yetib keldi, qolgan taekvondochilar esa 1−3 iyun kunlari Gran-pri bo‘lib o‘tadigan Italiyaga uchib ketdi.