Chiroqchi tumanidagi o‘qish uchun sharoitlari bo‘lmagan va 37 nafar o‘quvchi tahsil olgan maktab filiali uchun yangi bino ajratildi. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabar qildi.

Hashar yo‘li bilan qurilgan binoning bir xonasida to‘rtta boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bir vaqtda tahsil olgani haqida bir qator OAVlarda xabar qilingan edi. Inspeksiya vakillari 14−18 may kunlari Qashqadaryo viloyati umumta’lim muassasalarida attestatsiya o‘tkazish jarayonida filial bilan tanishdi.

Chiroqchi tumani Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini Qoraburug‘ qishlog‘idagi 31-maktab filiali 2006 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan.

17 mayda o‘tkazilgan tekshiruvlar bu yerda bolalar uchun sharoit yo‘qligi va bino xavfsizlik talablariga javob bermasligini ko‘rsatdi.

Xuddi shu kuni tuman hokimi qarori bilan Qoraburug‘ qishlog‘idagi Chiroqchi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji filiali binosidan maktab filiali o‘quvchilari uchun ikkita xona ajratildi.