O‘zbekistonda qamoqxonalarning to‘lganlik darajasi 80 foiz, voyaga yetmaganlar uchun koloniyalarda — 20 foiz. Bu haqda Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov 8−11 may kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekiston milliy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha 23 may kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

«Biz O‘zbekistonda o‘tkazilgan sud-huquq islohotlari ortidan qamoqdagi aholi soni 2,5 barobarga qisqarganini ishtirokchilar muhokamasiga qadar yetkazdik», — dedi Akmal Saidov.

U har 100 ming o‘zbekistonlik hissasiga 122 nafar mahbus to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Bu MDH davlatlari orasida eng kam ko‘rsatkichlardan hisoblanadi. «Amerikaga qaraganda ikki-uch barobarga kam, u yerda har 100 ming kishiga 780 kishi to‘g‘ri keladi. Biz hozirda Buyuk Britaniya darajasidamiz», — deya qo‘shimcha qildi Inson huquqlari milliy markazi rahbari.

Hisobot yakunlari bo‘yicha BMT Inson huquqlari kengashi ishchi guruhi tomonidan O‘zbekistonga 201 ta tavsiya taqdim etildi.

«Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning fakultativ bayonnomasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha juda ko‘p takliflar bo‘ldi. Biz parlament ombudsmeni ilan O‘zbekistonda qiynoqlardan ogohlantirish bo‘yicha mustaqil ogohlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalasini ishlab chiqyapmiz», — dedi Akmal Saidov.

Bahrombek Odilov.

Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning fakultativ bayonnomasini ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqish bosqichida, dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Odilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahkumlar va qo‘lga olinganlar bilan noqonuniy munosabatda bo‘lish holatlariga barham berish uchun penitensiar muassasalarga 2500 dan ortiq kameralar o‘rnatildi.

«Ishonch bilan aytishim mumkinki, bu masalaga hozirda bizda barham berilgan», — dedi IIV rahbari o‘rinbosari.

U kengash a’zolarida mahkumlarni saqlash sharoitlari haqida savollar paydo bo‘lganini qayd etdi. Bahrombek Odilov joriy yilda 16 ta jazoni ijro etish mahkamasida ko‘rishish xonalarini rekonstruksiya qilish, bino va inshootlarni ta’mirlash ishlari boshlanganini ma’lum qildi.