Toshkent hokimiyati O‘zbekiston poytaxtida daraxtlar himoyasi va ularning noqonuniy kesilishiga barham berish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorladi. Hujjat muhokamasi 30 maygacha davom etadi.

Loyihada hokimiyat Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tuzilmasida Daraxtlar va ko‘p yillik o‘simliklarni himoya qilish boshqarmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Daraxtlarni kesish va agrotexnik qoidalarga rioya etishning yagona tartibini joriy etish maqsadida O‘simliklar kimyosi instituti va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Ko‘p yillik o‘simliklarga agrotexnik ishlov berish qoidalarini ishlab chiqish va qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Daraxtlarga va ko‘p yillik o‘simliklarga zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov berish qoidalari qabul qilinadi.

Yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiqishda shahar Arxitektura bosh boshqarmasi xulosasida ajratiluvchi uchastkada daraxt va o‘simliklarning aniq soni, ularning o‘lchovlari, turlari va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

1 sentyabrdan shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra daraxtlarni kesish va tartibga keltirish Bioinspeksiya ruxsati asosida faqatgina obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Daraxtlarni kesishga ruxsatnomalarni Toshkent hokimiyati saytida e’lon qilish rejalashtirilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari va profilaktika inspektorlari o‘tkaziladigan ishlar va ruxsatnoma borligi haqida ogohlantirilishi lozim.

Daraxtlarni kesishga ruxsatnoma berishda «har bir daraxt o‘rniga o‘n daraxt» tamoyilini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunda qurilish yoki boshqa maqsadlarda yer uchastkalari ajratilayotganda kesilayotgan daraxtlar o‘rniga manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tkazish majburiyati yuklanadi.